Shu kunlarda Yaponiyada bo‘lib o‘tayotgan “Tourism EXPO Japan-2025” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida Toshkent viloyati vakillari ham faol ishtirok etmoqda.
Dunyoning 70 dan ortiq davlatidan 12 ming ishtirokchi qatnashayotgan ko‘rgazmada viloyatning boy madaniy merosi, turizm salohiyati hamda madaniy dasturlari yuqori darajada targ‘ib etilmoqda.

Shuningdek, mazkur ko‘rgazma doirasida Toshkent viloyati delegatsiyasi vakillari va Yaponiya sayyohlik agentliklari uyushmasi (JATA) raisi o‘rinbosari T.Shimura, Yaponiya Turizm agentligi raisi Shigeki Murata hamda “Hankyu Travel International Co. LTD” sayyohlik kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Atsushi Sakai bilan uchrashuv tashkil etildi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama turizm aloqalarini mustahkamlash, sayyohlar oqimini ko‘paytirish, turizm yo‘nalishida kadrlar tayyorlash, Toshkent viloyatida barqaror turizmni rivojlantirishda Yaponiya bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

O‘z navbatida T.Shimura Yaponiya tomonidan O‘zbekistonning turizm salohiyati, sayyohlar uchun xavfsizligi, madaniy merosi, amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalariga qiziqish ortib borayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, uchrashuvda A.Sakai bilan Toshkent viloyatiga yaponiyalik sayyohlar oqimini yanada oshirish maqsadida hamkorlik qilish yuzasidan kelishib olindi. Toshkent viloyat hokimi o‘rinbosari Jamshid Babajanov viloyatning turizm salohiyati to‘g‘risida taqdimot o‘tkazdi. Unda hudud bo‘yicha amalga oshirilayotgan turizm loyihalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Jumladan, “Chorvoq” turizm rekratsion zonasi direktori O.Gulyamov tomonidan hududda tog‘ turizmi, qishki turizm, tibbiyot va ekstremal turizm yo‘nalishlarida mavjud imkoniyatlar ko‘rsatildi. Jarayonda tomonlar o‘zaro hamkorlik masalalari yuzasidan o‘z taklif va fikrlarini bildirdi.
A.Musayev, O‘zA