Vatanimiz tarixidagi 29 sentyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
865 yil (bundan 1160 yil oldin) – tarixchi Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida qayd etilishicha, somoniylar sulolasi boshlig‘i Nasr ibn Ahmadning nomiga abbosiylar xalifasi tomonidan Movarounnahrning amirligi unga berilganligi to‘g‘risida farmon keldi.
1404 yil (bundan 621 yil oldin) – tarixchi olim Hamid Ziyoyevning ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo asariga tayanib qayd etishicha, 29 sentyabrda Sohibqiron ziyofat tashkil qilib, ko‘p yaqin va uzoq odamlarni, elchilarni huzuriga chaqirgan. Amir Temur unda Xitoy bilan chegaradosh joydan kelgan elchilar bilan suhbatlashgan.
Bu elchilarning boshlig‘i eskiroq pocha-po‘stin kiygan, boshidagi kichkina telpakning bog‘ichlari ko‘kragiga tushib turgan. Telpak juda kichkina bo‘lib, boshida zo‘rg‘a ilinib turgan. Uning hamrohlari ham kalta po‘stin kiygan edi. Ba’zi po‘stinlarning mo‘yi ich tarafiga, boshqasi sirtiga tikilgan.
Elchilar suvsar, oqtulki va boshqa mo‘ynalar, lochinlardan iborat sovg‘ani keltirganlar. Klavixo elchilarni xristian dinidagi kishilar deb yozgan. Ular Rossiya tarafdan kelgan elchilar bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Klavixo Sohibqironning shaxmat o‘ynab o‘tirganligini ham ko‘rgan.
1929 yil (bundan 96 yil oldin) – Toshkent viloyatidagi Ohangaron tumani tashkil etildi. U 1939 yilgacha Qurama tumani deb nomlangan. Ohangaron tumani 1957 yilda O‘rta Chirchiq va Toshkent tumanlari tarkibiga qo‘shilgan. 1971 yil 31 avgustda qayta tashkil etildi.
1937 yil (bundan 88 yil oldin) – Qashqadaryo viloyatidagi Qamashi tumani tashkil etildi. U 1962 yil 24 dekabrda Qarshi tumaniga qo‘shilgan. 1964 yil 31 dekabrda yana qaytadan tashkil etilgan.
1940 yil (bundan 85 yil oldin) – Angren ko‘mir koni va Boysun toshko‘mir koni ishga tushirildi.
1943 yil (bundan 82 yil oldin) – Ikkinchi jahon urushining 22 yoshli qatnashchisi leytenant Abdulaziz Yo‘ldoshev Dnepr daryosini kechib o‘tishda mislsiz jasorat ko‘rsatdi. Tarixchi Shavkatbek Muhammadyunusovning qayd etishicha, 29 sentyabr tunida u avtomat va patronlarni boshiga bog‘lab, tishiga ingichka simni tishlab, daryoning keng va muzdek suvlarini kechib narigi qirg‘oqqa yetib olganidan keyin simni qattiq silkib, aloqachi Pivovarovga rota bilan daryodan suzib o‘tishlari mumkinligi to‘g‘risida ishora bildirdi.
Jangchilar qayiqqa tushib bo‘lganlaridan so‘ng Pivovarov simning bir uchini qayiqqa bog‘lab qo‘ydi. Aloqachining ishorasi bilan Abdullaziz simni bir o‘zi o‘ziga qarab tortib, qayiqni yelkansiz va eshkaksiz berigi qirg‘oqqa o‘tishini ta’minladi. Uch soat ichida rotaning butun tarkibi dushmanga sezdirmagan holda shikastsiz daryodan o‘tib olishadi.
Sobiq SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1943 yil 16 oktyabrdagi Farmoniga binoan Abdulaziz Yo‘ldoshevga daryodan kechib o‘tishdagi, daryoning o‘ng sohilidagi platsdarmni egallashda, uni mardonavor himoya qilishda, dushmanga qarshi kurashda qahramonlik va jasurlik namunalarini ko‘rsatganligi uchun Qaxramon unvoni berildi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Abdulaziz Yo‘ldoshev (1921–1968) 1939 yilda hariy xizmatga chaqirilib, keyinchalik urush maydoniga safarbar etilguniga qadar maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. U 1942 yilda Stalingrad ostonalarida bo‘lgan janglardagi jasurligi va qahramonligi uchun safdoshlari ichida birinchi bo‘lib “Jasurligi uchun” medali bilan ham mukofotlangan edi.
2004 yil (bundan 21 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qarshi shahrining 2700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasida ta’kidlanishicha, ushbu shahar turli davrlarda Navtak, Bolo, Nashebolo, Naxshab, Nasaf nomlari bilan yuritilib, XIV asrdan Qarshi deb atala boshlangan. “Qarshi” nomining kelib chiqishi to‘g‘risida turli fikr va taxminlar mavjud. Sharqshunos olim Vasiliy Bartold shaharning nomi mo‘g‘ul xoni Kepakxon qurdirgan “Qarshi” (qadimgi turkiychada “saroy”) bilan bog‘liq deb ta’kidlaydi.
“Qutadg‘u bilig” dostonida “Qarshi” atamasi “saroy” va “qarama-qarshi turish” ma’nosida qo‘llangan. “Boburnoma”da ham bu nom mo‘g‘ul tilidan olinganligi ta’kidlangan. Keltirilgan taxminlarda atamaning “qarshi” – saroy, qasr ma’nolari ko‘proq qo‘llanadi.
2010 yil (bundan 15 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun 6 bob, 36 moddadan iborat.
2011 yil(bundan 14 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 8 bob, 59 moddadan iborat.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun 7 bob, 33 moddadan iborat.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aholini zilzilada harakatlanishga tayyorlash tizimini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA