Bugun Ozarbayjonning Ganja sport saroyida III MDH o‘yinlarining Media markazi o‘z ish faoliyatni boshladi.
Tashkiliy qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, Ozarbayjonda o‘tayotgan III MDH o‘yinlarini yoritish uchun 8 davlatdan 432 nafar mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ro‘yxatdan o‘tgan. Ular orasida o‘zbekistonlik ikki nafar jurnalist va 2 nafar tasvirchi ham bor. Media markaz bir vaqtning o‘zida 120 nafar OAV vakillarini qabul qilish imkoniyatiga ega.

Mazkur markaz joylashgan sport maydonchasida jurnalistlar sportning to‘rt turi – suzish, o‘q otish, qilichbozlik va voleybol bo‘yicha musobaqalarni bevosita kuzatish va o‘yinlarni sharhlab borish imkoniyatga ega. Shuningdek, ular aralash zonalarda sharhlar va intervyular olib borishlari, hisobot va maqolalar tayyorlashlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, musobaqalarga mezbonlik qiladigan 12 ta sport arenasining har birida ommaviy axborot vositalari yig‘ilish punktlari, matbuot xonalari va aralash zonalar mavjud.
Eslatib o‘tamiz, 23 ta sport turi bo‘yicha o‘tadigan III MDH o‘yinlarining murosasiz bahslari 28 sentyabr – 8 oktyabr kunlari qardosh mamlakatning 7 ta shahrida bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA