Bugun, 28 sentyabr kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida U8, U10, U12 yosh toifalarida o‘tayotgan “FIDE World Cadet Championships 2025”ning 9-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Mazkur jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining 10 nafar a’zosi o‘z yosh toifalarida dona surmoqda. Kecha yakunlangan 8-tur o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, hamyurtlarimizdan 8 yoshli qizlar orasida Kumushoy Uzoqova 5 ochko bilan 94 nafar ishtirokchi orasida qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 19, 8 yoshli o‘g‘il bolalar musobaqasida Fazliddin Farhodov 5,5 ochko bilan 150 nafar ishtirokchi orasida 16-o‘rinda bormoqda. Ushbu yosh toifalarida qozog‘istonlik va AQSH vakillari yetakchilik qilmoqda.

Terma jamoamiz a’zolaridan 10 yoshli qizlar orasida hamyurtimiz Husnoraxon Husniddinova 6 ochko bilan 12, 10 yoshli o‘g‘il bolalar bahsida Nurmuhammad Ne’matullaxonov 5,5 ochko bilan 20, 12 yoshli qizlar birinchiligida Sarvinoz Bekmuratova 6 ochko bilan 10, 12-pog‘onada harakatlanmoqda.

Bugun o‘tadigan 9-tur bahslarida Kumushoy Uzoqova oq donalarda xitoylik Shuyao Lin bilan, Fazliddin Farhodov qozog‘istonlik Altair Omurzakov bilan, Husnoraxon Husniddinova qora donalarda bangladeshlik Varisa Xayder bilan, Nurmuhammad Ne’matullaxonov qora donalarda qozog‘istonlik Alrami Mukashev bilan, Sarvinoz Bekmuratova oq donalarda misrlik Zakaa Axmed Muhammad bilan kuch sinashadi.

Eslatib o‘tamiz, 88 ta davlatning 850 nafardan ziyod yosh shaxmatchilari ishtirokida davom etayotgan jahon chempionatining so‘nggi 11-tur o‘yinlari 30 sentyabr kuni o‘tkaziladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA