Shu yilning 16-17 sentyabr kunlari Namanganda o‘tkazilgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” mavzusidagi uchinchi xalqaro forum mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqea bo‘lib, Yangi O‘zbekiston imijini yanada mustahkamlash, inson qadrini ulug‘lash borasidagi xayrli islohotlarni dunyo jamoatchiligi e’tiboriga havola qilishda alohida o‘rin egalladi.
Anjumanda dunyoning o‘ttizdan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlaridan vakillar hamda ikki yuzga yaqin xalqaro ekspertlar, xususan, Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Al-Jassir, Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Inmin Yang, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi vitse-prezidenti Sachiko Imoto, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Kaxa Imnadze, Jahon bankining kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha global direktori Luis Felipe Lopez-Kalva ishtirok etdi.

Kambag‘allikni qisqartirish, barqaror va yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish, inson kapitalini rivojlantirish va aholi turmush darajasini yaxshilash kabi dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan muloqot platformasini yaratishga qaratilgan forumda ta’kidlanganidek, global hamjamiyat tomonidan 2030 yilgacha dunyoda qashshoqlikka barham berish, tabiatni asrash va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, tinchlik va farovonlikni ta’minlashda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishdek yuksak muddaolarni o‘zida aks ettirgan Barqaror rivojlanish maqsadlari qabul qilingan. Biroq oxirgi yillarda jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan murakkab shart-sharoitlar oqibatida hozirda ushbu maqsadlarning 18 foizgagina erishilganidan tashvish bildirildi. Bu esa, o‘z navbatida, masalaga yanada jiddiy yondashishni dolzarb qilib qo‘ymoqda.

Anjumanning ochilishda nutq so‘zlagan Prezidentimiz qayd etganidek, yer yuzida kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlari, suv tanqisligi va pandemiyalar tufayli oldimizda og‘ir va mashaqqatli sinovlar paydo bo‘lmoqda. 2015 yildan buyon global iqtisodiy o‘sish sur’ati o‘rtacha uch foizni tashkil etib, oldingi o‘n yillikka nisbatan sekinlashdi. Oqibatda besh yil oldin dunyoda 650 million aholi kambag‘allikda yashagan bo‘lsa, bugun ularning soni 800 milliondan oshdi. Bu holat barcha davlatlar, xalqaro tashkilotlar, umuman, dunyo hamjamiyati oldiga yangi va dolzarb vazifalarni qo‘yib, ularga yechim topish bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qilishni taqozo etmoqda.

Yangi tashabbus va tajribalarni sinovdan o‘tkazib, dunyodagi ijobiy yutuqlarni o‘rganib, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston modeli yaratildi. Izchil islohotlar tufayli 7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi o‘tgan 2024 yilda 8,9 foizga tushirildi. Yil yakunigacha uni olti foizgacha kamaytirish maqsad qilingan. Bunday keng ko‘lamli sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekiston keyingi besh yilgacha kambag‘allikni ikki karra qisqartirish bo‘yicha olgan majburiyatini muddatidan oldin bajardi. 2030 yilga borib xalqaro mezonlarga ko‘ra, mamlakatimizda mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berish maqsad qilingan.

Nufuzli forum doirasida tashkil etilgan 12 ta panel sessiyalarida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish borasida yig‘ilgan tajribalar yuzasidan fikr almashilib, aholi farovonligini yuksaltirish, bozor talablariga mos ko‘nikmalarning kambag‘allikni qisqartirishdagi o‘rni, o‘tish davrida ijtimoiy himoya tizimi – inklyuzivli iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha global tajribalar, qashshoqlikni tugatishda islom moliyasining yangi imkoniyatlari, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan istiqboldagi rejalar va yangi tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.

Islom taraqqiyot banki guruhi raisi Muhammad Al-Jassir hukumat “O‘zbekiston-2030” taraqqiyot strategiyasi va “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi orqali kambag‘allikni qisqartirishni ustuvor vazifa sifatida qo‘yganligini e’tirof etdi.
Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Yingming Yang yurtimizning kambag‘allikni qisqartirishdagi muvaffaqiyati Markaziy Osiyo mintaqasi va undan tashqarida namuna bo‘layotgani, ushbu yutuqqa erishishda xususiy sektorning ishtiroki hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
Forumda master-rejalar ishlab chiqish jarayonlari, infratuzilmani modernizatsiya qilishning iqtisodiy salohiyatni oshirishdagi o‘rni hamda ijtimoiy hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan yondashuvlar muhokama etildi.
Bunda infratuzilmani rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda shahar bosh rejasidan tortib, qishloqlarda transport va aloqa tizimlarini yaxshilashgacha bo‘lgan masalalar, hech bir hududni chetda qoldirmaslik va iqtisodiy o‘sishni barchani qamrab oladigan tarzda amalga oshirishga e’tibor qaratildi.
Bu borada yurtimizdagi 140 ta shahar va tuman, shu jumladan, Namangan viloyatidagi 14 ta shahar va tumanning iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqib, 227 ta urbanizatsiya, turizm, yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish hamda hududlarning kompleks iqtisodiy taraqqiyotiga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqilmoqda.
Anjumanning yana bir ahamiyati va e’tiborga molik natijasi shundaki, forum doirasida O‘zbekiston hamda bir qator xalqaro tashkilotlar o‘rtasida umumiy qiymati 500 million dollarga teng bo‘lgan o‘ndan ortiq kelishuv va memorandumlar imzolandi.
Forumning tantanali yopilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov aytib o‘tganidek, bugungi kunda kambag‘allikni qisqartirish masalasi har bir davlatning eng muhim vazifalardan biri hisoblanib, bu global muammoga ilg‘or tajriba va yangi yondashuvlar asosida birgalikda yechim topish muhim.
Shu nuqtai nazardan olganda, Namangandagi xalqaro forum doirasida nufuzli xalqaro tashkilotlar va taniqli ekspertlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan panel sessiyalarida bildirilgan ilg‘or tajribalar bu boradagi umumiy harakatlar rejasini ishlab chiqish uchun qulay imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi.
Qayd etilganidek, yurtimizda “Kambag‘al oilalar uchun yettita imkoniyat va mas’uliyat” tamoyili asosida har bir oila uchun tuzilgan “Individual xizmatlar” rejasi asosida manzilli ish tashkil etilishi ishsizlik va kambag‘allik darajasini keskin qisqartirishga imkon yaratmoqda. Bunda, avvalo, aholini shunchaki ishga joylashtirish emas, balki doimiy ish o‘rinlarini ko‘paytirib, odamlar barqaror daromad manbasiga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratilmoqda.
Daromadli ish o‘rinlarini yaratishda Namanganda asosan ikkita yo‘nalishda ish tashkil etilmoqda. Qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish hisobiga investitsiyalarni jalb qilib, yirik tadbirkorlik loyihalarini ishga tushirish hamda jamiyatning eng quyi bo‘g‘inigacha yo‘lga qo‘yilgan “Mahallabay” ishlash tizimi orqali aholi daromadini oshirish. Har bir oila bilan manzilli ishlanishi tufayli oxirgi besh yilda viloyatda 320 ming kishi kambag‘allikdan chiqarildi. Natijada 2025 yil yakuni bilan kambag‘allik darajasi 2020 yildagi 15,7 foizdan 4,5 foizga kamayishi kutilmoqda.
Namangan mezbonlik qilgan xalqaro forumda qatnashgan xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan ekspertlar Yangi O‘zbekistonning “Kambag‘allikdan farovonlik sari” siyosatini amalga oshirishdagi tajribasiga yuqori baho berishdi.
Sachiko Imoto, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (“JICA”) vitse-prezidenti:

– Yarim asrlik tarixga ega bo‘lgan xalqaro tashkilotimiz O‘zbekiston hukumati bilan 1992 yildan buyon muntazam hamkorlik qilib kelmoqda. Ayniqsa, sanoat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoyani rivojlantirish, energiya tejamkorlik samaradorligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, davlat xizmatchilari salohiyatini yuksaltirish yo‘nalishlarida birgalikda loyihalar amalga oshirilgan. Respublika Investitsiya, savdo va sanoat vazirligi bilan hamkorlikda biznes yetakchilarini tayyorlash, xususiy tadbirkorlikni taraqqiy ettirishga ko‘maklashish maqsadida “O‘zbek-Yapon” markazi tashkil etilib, unda yapon menejmenti mahalliy tadbirkorlarga o‘rgatib kelinmoqda. Bunga misol tariqasida “Safiya shirinliklari” qandolat zavodini keltirish joiz.
Namanganda bo‘lgan xalqaro forumda O‘zbekiston bilan hamkorlikda O‘zbekistonda “Bir qishloq – bir mahsulot” loyihasining dastlabki bosqichini boshlash yuzasidan memorandum imzolashga erishdik. Mazkur bitim doirasida, respublikaning chekka hududlarida muayyan bir qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan loyiha bo‘yicha Yaponiya tajribasini joriy etish borasida texnik hamkorlik amalga oshiriladi.
Sabina Maxl, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rezident-koordinatori:

– Majburiy mehnat va bolalar mehnatining oldini olish borasida keyingi yillarda mamlakatingizda yuz bergan ulkan o‘zgarishlarni alohida e’tirof etish joiz. Buni shaxsan Shavkat Mirziyoyev tomonidan ko‘rsatilgan siyosiy iroda sifatida baholash kerak. Qolaversa, bu masala O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasida alohida belgilandi. Majburiy mehnat ko‘p yillar avval ijtimoiy sohaga og‘ir yuk bo‘lib kelgan. Ayniqsa, o‘qituvchilar va shifokorlarning ko‘p vaqti paxta dalalarida o‘tgan. Majburiy mehnatning yo‘q qilinishi inson huquqlari amalda ta’minlanganidan dalolat beradi. Qolaversa, paxta yetishtiruvchi kompaniyalar mahsulotni eksport qilishga yoki uni olib sotishga qiynalardi. Endilikda bu kabi iqtisodiy muammolarga chek qo‘yildi.
Sangxyon Li, Xalqaro Mehnat tashkiloti bosh direktorining ish o‘rinlari va ijtimoiy himoya bo‘yicha assistenti:
– O‘zbekistonda xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga qaratilayotgan e’tibor, ayniqsa, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi siyosatni yoqlayman. Yuqori saviyada tashkil etilgan forumning e’tiborli jihatlaridan biri dunyoning ko‘pgina davlatlaridan tashrif buyurgan tashkilotlar vakillari bilan o‘zaro tajriba almashinuv dasturi bo‘ldi.
Obert Pimxidzay, Jahon bankining kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha eksperti – bosh iqtisodchi:

– Dunyo miqyosida barqaror taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu ma’noda, O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi band qilish borasida olib borilayotgan, uzoqni ko‘zlangan strategik islohotlarni yuqori baholayman. Kelajakda mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlar ko‘lami kengaytirilishiga ishonchimiz komil. Boisi, xalqaro forumda guvohi bo‘lganimizdek, Namangan viloyatidagi mahallalarda hunarmandchilik, tomorqachilik va boshqa tadbirkorlik yo‘nalishlarida har bir fuqaroning o‘zini o‘zi band qilish tizimi yaratilganligidir.
AQSHning Kolumbiya universiteti ijtimoiy fanlar professori Lyudmila Kim:

– Xalqaro darajadagi forumda qatnashishdan faxr tuyg‘usini his etdim. Unda shaxsan mamlakatingiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nutq so‘zlaganiga guvoh bo‘lish bu tuyg‘uni yanada kuchaytirdi. Nufuzli anjumandagi keng qamrovli yondashuv e’tiborimni tortdi. Chunki, bu xalq va hokimiyatning hamkorligi demakdir. Davlat va aholining birgalikda qashshoqlikni kamaytirish, turmush tarzini yaxshilash va ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlashga bo‘lgan harakati, albatta, tahsinga loyiq.
Kambag‘allikni qisqartirish mavzusi ochilsa, “Kim mahalliy aholi bilan shug‘ullanishni o‘z zimmasiga olyapti?”, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Shubhasiz, ular ijtimoiy xizmat xodimlaridir. Ayni shular oilalarning moliyaviy ta’minotga muhtoj ekanini biladigan kambag‘allikni qisqartirishning mahalliy tizimi ishchi kuchlaridir. Mamlakatda 9 ming xodimning mazkur tizimda ish bilan ta’minlangani O‘zbekistonda ijtimoiy himoya sifatiga jiddiy e’tibor qaratilayotganini bildiradi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA