Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ustozlarning fidoyi mehnatlari, ular bosib o‘tayotgan mashaqqatli yo‘l hamda intiluvchan va iqtidorli yosh pedagoglarning tashabbuslariga bag‘ishlangan “Yo‘l” filmi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hujjatli film “Najot” loyihasi doirasida suratga olingan bo‘lib, unda buxorolik ustoz Billura Ikromovaning hayoti haqida juda samimiy va ta’sirchan tarzda hikoya qilinadi.
Tadbir Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida tashkil etildi. Taqdimot avvalida mehmonlar institut faoliyati, muzey va kutubxona bilan tanishishdi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari bilan “Uyingiz va ishingiz orasidagi masofa qancha?” mavzusida jonli so‘rovnoma ham bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlash joizki, Billura ish joyiga qadar 250 km masofa bosib o‘tadi.
Taqdimot tadbirida O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi Nodir Jumayev va boshqalar bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda ustoz va murabbiylar uchun yaratilayotgan sharoitlar ularni yanada samarali mehnat qilishga chorlayotganini ta’kidladilar.
Shundan so‘ng filmning rasmiy namoyishiga start berildi va film qahramoni – Billura Ikromova ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hujjatli kartina g‘oyat lo‘nda, ravon va samimiy yo‘sinda ishlangani bilan diqqatga sazovordir.
Filmda Buxoro viloyatining Kogon shahrida tug‘ilib, oddiy maktabda tahsil olgan Billura Ikromovaning o‘z maqsadlari sari dadil borishi, qiyinchiliklarni munosib tarzda yengib o‘tishi, ona-onasi, xalqimiz, Prezidentimiz ishonchini oqlashi haqida haqida hikoya qilinadi.
Billura dastlab O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tahsil olib, keyinchalik oilaviy sharoiti murakkab bo‘lgani bois o‘qishni Buxoro davlat universitetida davom ettiradi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali Buyuk Britaniyaning eng nufuzli oliygohida o‘qishga musharraf bo‘lgan qiz o‘qishni tamomlab, O‘zbekistonning eng chekka hududida oddiy o‘qituvchi bo‘lib faoliyat olib boradi. Har kuni Kogondan Romitan tumanidagi eng olis 38-maktabga qatnash uchun 250 kilometr yo‘lni erinmay bosib o‘tadi. U kelgan paytda 45 nafar o‘quvchi tahsil oladigan ushbu maktab o‘n yillar davomida ingliz tili o‘qituvchisiz faoliyat ko‘rsatardi. Turli nufuzli vazirlik va idoralardan Billurani ishga taklif etib turishgan bir paytda yosh pedagog qizning olis va sharoiti o‘ta og‘ir maktabda o‘qituvchilik qilishi, xalqaro fan olimpiadalar uchun o‘quvchilarni tayyorlashi, qo‘llanmalar yaratishi, ilmiy izlanishlar olib borishi chindan ham ulkan ma’naviy jasorat, ibrat olishga arzigulik qahramonlikdir.

Davlatimiz rahbari O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan o‘tkazilgan muloqotda Romitan tumanidagi 38-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Billura Ikromova boshlagan ezgu ishni alohida e’tirof etdi. Prezidentimizning “Bugungi tadbirimizda o‘zi yosh bo‘lishiga qaramasdan, yuzlab o‘g‘il-qizlarimizni yuqori marralarga yetaklayotgan kogonlik qizimiz Billura Ikramova ham qatnashyapti. Billura qizimiz TOP-200 talikka kiradigan Buyuk Britaniyaning Reding oliygohini bitirib, katta-katta idoralardan bo‘lgan takliflarni rad etib, Romitanning eng chekka qishlog‘idagi maktabda ingliz tilidan dars bermoqda,” degan so‘zlari yurtimizning barcha o‘qituvchilari qalbida chuqur iz qoldirgani aniq.
Billura Fullbright TEA dasturi ishtirokchisi, TESOL, ESOL va IELTS (C1) kabi nufuzli xalqaro sertifikatlar sohibasi, qishloq qizlari uchun mentorlik loyihasi tashabbuskori.
Uning tashabbusi bilan yirik grantlar uchun loyihalar tayyorlanib, yuzlab yoshlar xorijda ta’lim olish va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bu fidoyi muallimaga yuksak ishonch ramzi va mehnatlarining e’tirofi sifatida “Prezident sovg‘asi” – BYD CHAZOR avtomobili tantanali tarzda topshirildi.
- Oddiy o‘qituvchisi qahramon darajasiga ko‘tarilgan shunday yurtda yashayotganimdan, uning ravnaqiga hissa qo‘shayotganimdan behad mamnunman, - dedi Buxoro viloyatining Romitan tumanidagi 38-maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Billura Ikromova. – O‘qituvchilar uchun yaratilayotgan har bir imkoniyat va sharoit mening ham mehnat faoliyatimda o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Mening ta’lim olishim yo‘lida ota-onam chekkan zahmatlari o‘zimgagina ayon. Vatanim, ota-onam, xalqim ishonchini oqlashga astoydil harakat qilaman.
- Yurtimizda qahramon sifatida, ibrat sifatida ko‘rsatishga arzigulik o‘qituvchilar juda ko‘p, - dedi film loyiha rahbari, taniqli jurnalist Inobat Ahatova. – Kelgusida “Najot” loyihasi doirasida aynan shunday jasoratli, kasbiga sodiq ustozlar haqida yana ko‘plab filmlar yaratish niyatimiz bor.
Aytish kerakki, “Yo‘l” filmining g‘oya muallifi – Hilola Umarova. Loyiha rahbari – Inobat Ahatova, ssenariy muallifi – Sirojiddin Rustamov. Postanovkachi rejissyor – Otabek Yo‘ldoshev, postanovkachi operator - Ilyos Islomov. Badiiy rahbar – E’zoza Karimova.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilarning barcha savollariga mas’ullar tomonidan batafsil javob berildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA