Vatanimiz tarixidagi 28 sentyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1309 yil (bundan 716 yil oldin) – Amir Temurning ona tomondan bobosi, “Sadr ash-shari’a” Ubaydulloh Burxoniy Karmanada vafot etdi. Fasih Xavofiyning yozishicha, “Sadr ash-shari’a” Ubaydulloh Buxoriyning xonadoni nihoyatda ma’rifatli bo‘lgan, uning o‘g‘li Abu Abdulloh Umar ham otasi singari islom ilmida “Toj ash-shari’a”lik darajasiga ko‘tariladi. Biroq u navqiron yoshida vafot etgan. “Sadr ash-shari’a”ning ukasi Mahmud ham “Burxon ash-shari’a” unvoniga ega bo‘lgan va hayot kechirgan.
1375 yil (bundan 650 yil oldin) – temuriylar saroyida xizmat qilgan mashhur tarixchi olim Fasih Ahmad Jaloluddin Muhammad Havofiy tavallud topdi (vafoti 1442 yoki 1443 yil). Fasih Havofiy ijodiy ish bilan shug‘ullanib, o‘zining bizgacha yetib kelgan yagona asari “Majma’ ut-tavorix” (“Tarixlar majmuasi”)ni yozib qoldirgan. Ushbu asar “Mujmali Fasihiy” nomi bilan ham mashhur. Muallif uni 1433–1442 yillarda yozib tugatgan.
“Majma’ ut-tavorix”da madaniy turmushga, shoirlar, olimlar kabi o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan ziyolilari hayotiga oid ma’lumotlar ham ko‘p uchraydi. Asardagi Temur va temuriylar davrida olib borilgan obodonchilik ishlari haqidagi ma’lumotlar diqqatga sazovordir. Bulardan tashqari har xil tabiiy ofatlar, xalq boshiga tushgan qiyinchiliklar ham muallif diqqatidan chetda qolmagan.
1921 yil (bundan 104 yil oldin) – Turkiston respublikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi va hukumatining 108-sonli ko‘shma majlisi karori chiqdi. Ushbu qarorda Turkiston Rossiyaning ocharchilik hududlariga moddiy yordam berish bilangina cheklanmasdan, o‘z karamog‘iga rasman 200 ming atrofida Volgabo‘yi, Uraloldi hududlaridan evakuatsiya kilinayotgan ochlarni ham qabul qilishi ko‘rsatildi.
Bu vaqtda Rossiyaning ocharchilik hududlaridagi ahvol kundan-kunga og‘irlashib borardi. Ochlarni boqish, kiyintirish hokimiyatni qo‘lga olgan bolsheviklar uchun qiyinlashib bordi. Bu muammoning yechimida ochlarni evakuvatsiya qilish masalasi kun tartibiga ko‘yiladi. Chunki ichki imkoniyatlar bilan ochlarni boqishning imkoni yo‘q edi. Birdan-bir yo‘l odamlarni qurg‘oqchilik hududlaridan hosildor hududlarga ko‘chirish edi.
Rossiya markaziy guberniyalaridagi ocharchilikni bartaraf etishda Turkiston aholisi beparvo bo‘lib turmay, o‘zlarida bor va deyarli yo‘q imkoniyatlarini ishga solib risqu ro‘zlarini Volgabo‘yi, Uraloldi ochlari bilan baham ko‘rganlar. Buning tag-zamirida Turkiston xalqining insonparvarligi, bag‘rikengligi, bir burda nonini boshqa millat vakillari bilan baham ko‘rgani yotadi.
1926 yil (bundan 99 yil oldin) – Samarqand viloyatidagi Kattaqo‘rg‘on, Namangan viloyatidagi Pop tumanlari tashkil etildi.
1991 yil (bundan 34 yil oldin) – Toshkentda Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligiga bag‘ishlangan tantanali kecha bo‘lib o‘tdi. Kechada adabiyot, san’at va arxitektura sohalarida ilk bor ta’sis etilgan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofotlari topshirildi. Shu kuni Toshkentda Nizomiddin Mir Alisher Navoiy haykali va Milliy bog‘ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida ilk bor ma’ruza qildi. Unda Markaziy Osiyoni yadro qurolidan xoli zona deb e’lon qilish, Orol muammosi bo‘yicha BMTning maxsus komissiyasini tuzish kabi bir qator takliflar ilgari surildi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – Nyu-York shahrida imzolangan qo‘shma kommyunike asosida O‘zbekiston bilan Dominikan Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi.
1998 yil (bundan 27 yil oldin) – Toshkent shahrida Osiyo Taraqqiyot bankining doimiy vakolatxonasi ochildi.
1999 yil (bundan 26 yil oldin) – O‘zbekistonning birinchi geoiqtisodiy xaritasini tuzish ustidagi ish nihoyasiga yetganligi haqida xabar e’lon qilindi. Unda tabiiy jarayonlar, shuningdek, texnogen jarayonlar bilan bog‘liq vaziyatning haqqoniy manzarasi berilgan.
2004 yil (bundan 21 yil oldin) – O‘zbekiston ilk bor Gretsiyada bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etishni boshladi. Ushbu sport o‘yinida 144 ta davlatdan 3969 sportchi sportning 19 ta turi bo‘yicha ishtirok etdi.
2005 yil (bundan 20 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining jamoat ta’lim axborot tarmog‘ini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unda ta’lim va yoshlarga mo‘ljallangan axborot resurslarini yagona “ZiyoNET” axborot tarmog‘iga birlashtirish va tizimlashtirish qayd etildi.
2006 yil (bundan 19 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 23 moddadan iborat.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili lavozimini joriy yetish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “«Lazgi» xalqaro raqs festivalini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2022 – 2026 yillarda Buxoro viloyatida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “2022 – 2026 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining turizm salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”, “2022 – 2026 yillarda Xorazm viloyatining turizm salohiyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV, O‘zA