Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari, DXXning Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamkorligida Bo‘stonliq tumanida navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Reyd davomida avvaldan kuzatuvga olingan shaxs “Oqtosh” qo‘riqlov punkti orqali davlat chegarasini buzib o‘tgan holda harakatlanayotganida to‘xtatib qolingan.

Bu yuzasidan Ekologiya vazirligi axborot xizmatining ma’lum qildi.
Uning yonidagi sumka belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda esa 8 bosh tirik lochin qushi aniqlangan. Tekshiruv jarayonida huquqbuzar qushlarni atrofdagilarga sezdirmaslik uchun ularga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan. Xususan, parrandalarning ko‘z va oyoqlari bog‘langan, qanotlari yelim tasma va tor hajmdagi sumkaga zichlab joylangan.

Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi mutaxassislariga ko‘ra, ushbu lochinlar O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan tur hisoblanadi.

O‘rmon va hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori esa 4 mlrd 944 million so‘m etib belgilangan. Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Qonunchilikka zid holda hayvonot dunyosiga zarar yetkazish og‘ir oqibatlarga olib kelishi tabiiy. Shu bois barcha fuqarolardan tabiatga mas’uliyat bilan yondashish va ekologik qonun-qoidalarga qat’iy rioya etish talab etiladi.
M.Eshmirzayeva, O‘zA