Sirdaryo viloyatida raqamli transformatsiyani kengaytirish, mahalliy IT - ekotizimni xalqaro standartlarga moslashtirish va yoshlar startaplarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro IT hamkorlik uchrashuvi o‘tkazildi.
“ICT WEEK – 2025” doirasida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbir Sirdaryoning innovatsion rivojlanish yo‘lida muhim qadam sifatida e’tirof etildi. Unda Malayziya, Rossiya hamda AQSHdan tashrif buyurgan yirik IT kompaniyalari vakillari ishtirok etishdi.
[gallery-25507]
Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov mehmonlarni qutlar ekan, Sirdaryoning iqtisodiy va intellektual salohiyatini, shuningdek, investorlar uchun ochiq va qulay muhitga ega ekanini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyatda raqamli xizmatlar infratuzilmasini kengaytirish, IT-parklar va autsorsing markazlari faoliyatini rivojlantirish, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda Malayziyadan “UI Platinum Group”, “Lyndung”, “Sampul” kabi 13 ta kompaniya, Rossiyadan “PRESSFEED”, AQSHdan esa “Ruby Talent Solutions” ishtirok etdi. Bu kompaniyalar dasturiy ta’minot, sun’iy intellekt, autsorsing, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalaridagi ilg‘or tajribalari bilan Sirdaryoda raqamli transformatsiya jarayonlariga hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Muzokaralarda axborot texnologiyalarini ta’lim, tibbiyot, ommaviy axborot vositalari, davlat xizmatlari va biznes jarayonlarida keng joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, viloyatda IT-park faoliyatini yanada kengaytirish, xalqaro akseleratsiya dasturlarini amalga oshirish va mahalliy startaplarni global bozorga olib chiqish yo‘nalishlari belgilab olindi.
Ta’kidlash joizki, uchrashuv doirasida yo‘lga qo‘yilgan muloqot nafaqat investitsiya va texnologiyalar almashinuviga, balki yoshlar o‘rtasida innovatsion fikrlash madaniyatini shakllantirishga ham xizmat qiladi. Xalqaro ekspertlar fikricha, bunday uchrashuvlar orqali Sirdaryo nafaqat respublikada, balki mintaqaviy darajada ham raqamli transformatsiyaning yetakchi hududiga aylanishi mumkin.
Muzokaralar yakunida joriy yilning noyabr oyida Guliston shahrida Sirdaryo Investitsiya forumini o‘tkazish, shuningdek, Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda Sirdaryo IT va Innovatsiyalar markazini ochish rejasi e’lon qilindi. Bu tashabbuslar viloyatning xalqaro hamkorlik salohiyatini mustahkamlab, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish jarayonini yanada jadallashtirishi kutilmoqda.
Xalqaro ekspertlar ta’kidlaganidek, Sirdaryoda yo‘lga qo‘yilayotgan bunday hamkorlik nafaqat mahalliy IT-ekotizimning shakllanishi va o‘sishiga, balki mamlakatning raqamli iqtisodiyoti barqarorligiga ham kuchli turtki berishi mumkin.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri