Toshkent shahrida Yer kodeksini qayta ko‘rib chiqishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi loyiha doirasida boshlang‘ich seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir FAO va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida o‘tkazilib, unda davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar ishtirok etdi.
Yer resurslari mamlakat qishloq xo‘jaligi va milliy iqtisodiyotning asosiy omili hisoblanadi. Keyingi yillarda hukumat yerdan foydalanish huquqlarini mustahkamlash, bozor mexanizmlarini joriy etish va huquqiy bazani takomillashtirish yo‘nalishida izchil islohotlarni amalga oshirib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining rasmiy so‘roviga ko‘ra, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamkorligida yer islohotlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan to‘rt yo‘nalish ishlab chiqildi:
• yerdan foydalanish huquqlarini taqsimlash;
• huquqlar xavfsizligini ta’minlash;
• yer huquqlari bozorini rivojlantirish;
• qonunchilikni takomillashtirish.
Seminarda milliy va xalqaro ekspertlar ushbu masalalarni muhokama qildilar. Yakunda O‘zbekistonda samarali va shaffof yer boshqaruv tizimini shakllantirish, qishloq aholisi turmush darajasini oshirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlar yana bir bor tasdiqlandi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/z-g5v9MV83s" title="O‘zbekistonda Yer kodeksini qayta ko‘rib chiqishga oid yangi loyihaga start berildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Yo.Meliboyev (video), O‘zA