Ma’rifatparvar bobolarimiz Mahmudxo‘ja Behbudiy “Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir”, degan edi.
Darhaqiqat, dunyodagi rivojlangan mamlakatlar tarixidan ma’lum, ularda jamiyat mavqeyini o‘zgartirishga qaratilgan islohotlar, avvalo, ta’lim tizimidan, maktab, tarbiya masalasidan boshlanganini ko‘ramiz.
Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi Alisher Navoiy nomidagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabining tarixiy yo‘liga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bugun bu muqaddas maskan o‘zining 100 yillik shonli tarixini katta faxr va iftixor bilan nishonladi.
1925 yilda maktab o‘zining ilk ilm toliblarini bag‘riga oldi. Maktabda dastlab birinchi muallim va maktab direktori sifatida Tojikiston Respublikasi fuqarosi Sharif Rajabov faoliyat boshlagan. 1948 yilda she’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi munosabati bilan maktabga uning nomi berilgan. 1958 – 1989 yillar oralig‘ida maktab rahbarligini Ahad Hasanov, Ismoil Qulmurodov, Sayfulla Narzullayev va Jo‘raqul Latipov davom ettirdi.
Bu yillar mobaynida maktabni ilk bor kumush medal bilan tamomlagan o‘quvchilardan – el sevgan shoir Toshpo‘lat Ahmedov, respublikada mohir shifokor Ubaydulla Hakimov maktab tarixida muhim o‘rin egalladi. Bu borada ilmiy va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari Ergash Niyozov va Hanifa Nazarovaning ham xizmatlari beqiyos.
1989 yilda maktabda 135 nafar o‘qituvchi 1200 nafar o‘quvchiga tahsil bergan. Ana shu yili maktabga mehnatsevar va tashabbuskor rahbar Isoq Tolibov direktor etib tayinlandi. Uning rahbarligida maktabda ko‘plab yangiliklar joriy etilib, ilm-fan yo‘nalishida yuqori natijalarga erishildi.
2012 yildan maktabga yosh va salohiyatli rahbar Dilshod Narzullayev direktorlik faoliyatini davom ettirib kelmoqda. Hozirgi kunda maktabda 1320 nafar o‘quvchiga 129 nafar o‘qituvchi ta’lim beradi. Bilim maskanidagi xalqaro va milliy sertifikatga ega 60 nafar oliy, 36 nafar 1-toifali jonkuyar pedagoglar kelajagimiz vorislariga saboq bermoqda. Bu yerda ta’lim sifati va o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda ziyo maskanining ilm-fan va moddiy-texnik bazasi ham mustahkamlandi. “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 1000 ga yaqin badiiy kitoblar, 29 ta interaktiv doska, binolar kapital ta’mirdan chiqarildi. Buxoro davlat universiteti tomonidan tashkil etilgan informatika fanidan ko‘p bosqichli olimpiadada 2023-2024 o‘quv yilida 2 nafar, 2024-2025 yil o‘quv yilida 1 nafar bitiruvchi muddatidan oldin talabalikka qabul qilindi.
Ushbu dargohdan el-yurt rivoji yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan ko‘plab ma’rifatparvar insonlar yetishib chiqqan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir, publitsist, tarjimon Toshpo‘lat Ahmad, yozuvchi Ahad Hasan, iste’dodli adib va olim Ilhom Hasanov ana shunday yurtdoshlarimizdan.
O‘zining ibratli hayoti, serqirra faoliyati bilan yosh avlodga namuna bo‘lgan bu insonlarning nomi hech qachon unutilmaydi, – deydi maktabning sobiq direktori Isoq Tolibov. – Bu har uchala ijodkor o‘z vaqtida ushbu maktabda tahsil olgan. Ularning bosib o‘tgan hayot yo‘llari, ijodiy faoliyatlari haqli ravishda yosh avlod uchun ibratdir. Shu boisdan maktabda bu uch ijodkorga bag‘ishlab muzey tashkil etildi.
O‘ziga xos ma’rifat va ma’naviyat o‘chog‘i vazifasini o‘taydigan muzeyda “Tabassum bog‘i”, “Gavhari jonim”, “Qutlug‘ ostona”, “Imon qal’asi” kabi o‘nlab kitoblar muallifi Toshpo‘lat Ahmad, “Qizilqum qizi”, “Ko‘hna Buxoro qissalari” kabi kitoblar muallifi Ahad Hasan, “Biri kam dunyo”, “Tahlika” asarlari bilan kitobxonlarga yaxshi tanish bo‘lgan yozuvchi Ilhom Hasanov hayoti va ijodiga oid ko‘plab qiziqarli ma’lumotlar, suratlar, kitoblar mujassam.
Mamlakatimizda eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Mustaqillikning 34 yilligi nishonlangan shu kunlarda mazkur maktab tashkil topganining 100 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda pedagoglar, yoshlar, marhum adiblarning yaqinlari, olim va ijodkorlarning ishtiroki davraga yanada fayz bag‘ishladi.
[gallery-25462]
Ushbu muqaddas dargoh o‘zining boy tarixiy an’analari, yuksak ilmiy salohiyati va fidoyi pedagoglari bilan nafaqat tuman, viloyat, balki respublika miqyosida ham o‘z o‘rniga ega. Bu yutuqlarning barchasi ustozlarning fidokorona mehnati, rahbariyatning to‘g‘ri boshqaruvi va o‘quvchilarning intiluvchanligi samarasidir.
Maysara Nazarova,
“Shuhrat” medali sohibi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
Laziz Zoyirov,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori,
Davlat auditi fakulteti dekani.