Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga amalga oshirgan tashrifi jahon siyosiy va iqtisodiy doiralarida katta qiziqish uyg‘otdi. Bu tashrif nafaqat rasmiy muloqotlar, balki amaliy natijalarga boy bo‘ldi. Yangi O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan rivojlanish strategiyasida belgilangan xalqaro hamkorlik yo‘lidagi muhim qadamga aylandi.
Nyu-York shahridagi BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida qatnashish O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamladi. Ayni paytda, iqtisodiy va moliyaviy sohalarda imzolangan bitimlar mamlakat taraqqiyotiga kuchli turtki beradi.
Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga bilan uchrashuvda 14 milliard dollardan ortiq bo‘lgan qo‘shma loyihalar muhokama qilindi. Bunda kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, xususiy sektorni rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi. Jahon banki rahbariyati O‘zbekistondagi islohotlarni yuqori baholadi.

Tashrif doirasida AQSHning yetakchi kompaniya va moliya institutlari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar esa mamlakatimiz uchun yangi istiqbol eshiklarini ochdi. Xususan, transport sohasida “Boeing” kompaniyasi bilan uzoq muddatli hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi. Texnologik jihatdan zamonaviy, yuqori samaradorlikka ega “787 Dreamliner” samolyotlarini xarid qilish bo‘yicha shartnoma O‘zbekiston aviatsiya sanoati tarixidagi eng yirik kelishuv sifatida qayd etildi. Ushbu bitimning umumiy qiymati 8,5 milliard dollardan ortiq bo‘lib, texnik xizmat ko‘rsatish, ekipaj tayyorlash, aeroport infratuzilmasi va logistika tizimlarini rivojlantirishga zamin yaratadi.
Shuningdek, “FLSmidth” kompaniyasi bilan hamkorlikda tog‘-kon uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish, “Cleveland Clinic” bilan ko‘p tarmoqli tibbiyot va ta’lim markazini barpo etish, “Akfa group” ishtirokida yuqori malakali soha mutaxassislarini tayyorlash va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Moliya va investitsiya sohalarida esa “Citigroup”, “Cargill Financial Services”, “Oppenheimer” kabi yetakchi kompaniyalar bilan uzviy hamkorlik o‘rnatish to‘g‘risidagi hujjatlar imzolandi. Geologiya va resurslarni qidirish, baholash hamda ularni o‘zlashtirish sohalarida “Cove Capital” va “SLB” kabi xalqaro kompaniyalar bilan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Bunday keng qamrovli kelishuvlar nafaqat yangi ish o‘rinlarini yaratish, balki O‘zbekistonda yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish tarmoqlarini shakllantirish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sifatini yuksaltirish, geosiyosiy jozibadorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Oxirgi sakkiz yilda AQSH bilan tovar ayirboshlash hajmi to‘rt barobarga oshgani, mamlakatimizda 300 dan ortiq AQSH kompaniyasi faoliyat yuritayotgani, o‘zaro munosabatlar nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy, texnologiyaviy va ilmiy hamkorlik nuqtai nazaridan ham yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etilmoqda. Makroiqtisodiy barqarorlik, moliyaviy shaffoflik, soliq-byudjet tizimini tubdan yangilash, xalqaro standartlarga muvofiq hisobot va buxgalteriya tizimini joriy etish ishlari investorlar ishonchini orttirmoqda.
Bugungi O‘zbekiston tashqi dunyo bilan ochiq, barqaror va uzoqni ko‘zlagan hamkorlikka intilmoqda. Prezident tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar nafaqat strategik ahamiyat kasb etadi, balki xalqimiz farovonligiga xizmat qiluvchi yangi iqtisodiy istiqbolni belgilab bermoqda.
Sarvar Nazarqosimov,
Jizzax davlat pedagogika universiteti
kafedra mudiri, fan doktori (PhD), dotsent
O‘zA