AQSH prezidenti Donald Tramp BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqida iqlim o‘zgarishi haqidagi da’volarni barcha davrlardagi eng katta yolg‘on deb atadi.
– Avvaliga ular global sovish haqida gapirishdi, -dedi u. – Endi esa global isish dunyoni vayron qiladi, deyishmoqda. Bu barcha davrlarning eng katta yolg‘oni. BMT va boshqa ko‘plab tashkilotlar tomonidan bildirilgan bunday bashoratlarning barchasi noto‘g‘ri ekanligi isbotlandi.
Shuningdek, AQSH yetakchisi BMTni haddan ortiq isrofgarchilik qilayotganlikda aybladi.
– BMT behuda sarf-xarajatga yo‘l qo‘ymoqda. Ko‘p yillar oldin men tuzilma majmuasini rekonstruksiya qilish bo‘yicha tender jarayonida qatnashganman. O‘shanda hammasini 500 million dollarga kafolati bilan bajaraman, deb aytgandim. Lekin ular boshqa yo‘ldan borishga qaror qilishdi, bu esa ancha qimmatroq natijaga olib keldi, -dedi Oq uy rahbari.
Amerika yetakchisi BMT o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga unchalik qodir emasligini ta’kidlab, “nizolarni bartaraf etish quruq so‘z bilan emas, balki amalda isbotlanishi kerak”, dedi.
S.Rahimov, O‘zA