Reklama tadbirkorlar uchun o‘z mahsulotini sotib, mijozlarini ko‘paytirishida eng qulay sohalardan biriga aylandi.
Chunki, bugun odamlar ko‘proq televizor yoki ijtimoiy tarmoqlardagi reklama roliklarini kuzatib, shunga qarab qaror qabul qilishga odatlandi. Bu holat shu darajaga yetdiki, hatto, sog‘lig‘iga ta’sir qiluvchi dori-darmonlarni ham reklama orqali olishdan cho‘chimaydigan bo‘ldi.
Shuning uchun reklama qonunchiligida odamlarni chalg‘itish, mahsulotni davo deb ko‘rsatish yoki o‘ta ortiqcha va’dalar berishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilgan monitoringlar natijasida reklama qonunchiligi talablari buzilish holatlari aniqlandi.
Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda “Forsil – og‘riq mutlaqo izsiz ketadi” mazmunidagi reklama tarqatilgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, ushbu reklama materiallari “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 35-moddasi birinchi qismida belgilangan talabga zidligi aniqlandi. Unga muvofiq, biologik faol qo‘shimchalar reklamasida ular davolash xususiyatiga ega deb tasavvur uyg‘otishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “NIKA FARM” MCHJga nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA