Vatanimiz tarixidagi 25 sentyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
975 yil (bundan 1050 yil oldin) – Somoniylar hukmdori Mansur ibn Nasr vafot etdi. Tarixchi olim Narshaxiyning yozishicha, u “Amiri sadid” (haq amir) laqabini olgan.
1912 yil (bundan 113 yil oldin) – Turkiston general-gubernatori Aleksandr Samsonovning Turkiston o‘quv yurtlari bosh noziriga shu kuni yuborgan buyrug‘ida o‘lkadagi barcha maktablarda faoliyat yuritayotgan muallimalar haqida ma’lumot berilishi so‘ralgan edi. Bunga javoban barcha viloyat xalq maorifi nozirlari tomonidan o‘qituvchilar haqida to‘la ma’lumotlar muntazam berib borilgan. Bunday muntazam tekshiruvlar olib borilishdan asosiy maqsad mazkur maktablarda faoliyat ko‘rsatayotgan muallimalarning jadidchilik harakatiga bo‘lgan intilishini nazorat qilishdan iborat edi.
1922 yil (bundan 103 yil oldin) – Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi (TASSR) Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi Abdulla Rahimboyev Rossiya Sovet Federativ Sotsialistik Respublikasi (RSFSR) Xalq Komissariyati Moliya bo‘limidan chetga oltin pul olib o‘tishga ruxsat olib berishni so‘rab Turkistonning Moskvadagi muxtor vakolatxonasiga murojaat qildi.
Tarixchi Soibjon Hoshimovning yozishicha, mazkur murojaatnomada, jumladan, bunday deyilgan edi: “Turkiston Respublikasi MIQ RSFSR Xalq Komissariyati Moliya bo‘limidan oltin pullarni chegaradan olib o‘tishga ruxsat olib berishingizni so‘raydi, chunki Turkiston Respublikasi o‘z hisobidan talabalarimizning Germaniyada o‘qishlarini davom ettirishlari uchun har biriga oltin hisobida 620 so‘mdan mablag‘ ajratib jo‘natmoqda”.
Boshqa har qanday davlatning kelajagi singari Turkiston Respublikasining istiqboli ham yoshlarga bog‘liq edi. Buni o‘z vaqtida anglab yetgan Turkiston milliy ziyolilari yoshlarni Germaniya, Turkiya kabi xorijiy mamlakatlarda bilim olishlarini tashkil etishga harakat qiladilar.
Markazdan bu maqsadda pul undirish befoyda edi. Ichki imkoniyatlar va fidoyilar harakati bilan to‘plangan oltin pulni esa mustaqil tashqi siyosat olib borish huquqiga ega bo‘lmagan respublika hukumati chet elga o‘z yoshlari o‘qishi uchun o‘tkaza olmasdi. Yuqoridagi murojaat shu maqsadda qilingan edi.
1922 yil (bundan 103 yil oldin) – Rossiya kompartiyasi tashkiliy byurosining qarori bilan “qo‘pol xatolari” uchun Turkiston kompartiyasi Markaziy Komiteti kotibi Nazir To‘raqulov, Turkiston ASSR Xalq Komissarlari Sovetining raisi Qayg‘usiz Otaboyev va TASSR Markaziy Ijroiya Komitetining raisi Abdulla Rahimboyev egallab turgan lavozimlaridan bo‘shatildi.
1930 yil (bundan 95 yil oldin) – O‘zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi va Xalq Komissarlari Soveti O‘zbekistonda umumiy-majburiy boshlang‘ich ta’limni joriy qilish to‘g‘risidagi chora-tadbirlarni ishlab chiqdi. Unda 1930–1931 o‘kuv yilidan boshlab 8 yoshdagi bolalar, shahar va ishchi posyolkalarida 8, 9 va 10 yoshdagi bolalar uchun umumiy-majburiy boshlang‘ich ta’limni joriy etish zarurligi ko‘rsatildi.
1935 yil (bundan 90 yil oldin) – arxeolog-tarixchi olim, tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Ahmadali Asqarov tavallud topdi. Uning asosiy ilmiy ishlari O‘rta Osiyoda saqlanib qolgan moddiy-madaniyat yodgorliklarini ochish va ularda arxeologik tadqiqotlar o‘tkazish yo‘li bilan O‘zbekiston tarixini o‘rganishga bag‘ishlangan. U 2025 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
1941 yil (bundan 84 yil oldin) – butun O‘zbekistonda harbiy o‘quv punktlarini tashkil etishga va ularni komandirlar tarkibi bilan to‘ldirishga kirishildi.
1972 yil (bundan 53 yil oldin) – O‘zbekiston Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan Surxondaryo viloyatidagi qadimiy Dalvarzintepa shahar xarobasida jahon ahamiyatiga molik kashfiyot qilindi. Qazishma ishlarining navbatdagi kunida, shaharning zodagonlar mavzesidagi xonadonlardan birining 13-xonasida, dastlab ahamiyatsizdek ko‘ringan devorcha ostidan sopol ko‘za ichiga yashirilgan oltin buyumlar xazinasi topildi. Ushbu topilma arxeolog Tatyana Belyayeva rahbarligidagi bir guruh talabalar tomonidan aniqlangan bo‘lib, u nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo arxeologiyasi tarixidagi eng yirik va qimmatli xazinalardan biri sifatida qayd etildi. Xazina milodiy I asrga oid bo‘lib, Buyuk Kushon podsholigi davrining iqtisodiy qudrati, zargarlik san’ati va madaniy aloqalari haqida bebaho ma’lumotlar beruvchi manbadir.
Dalvarzin xazinasining tarkibi uning ilmiy ahamiyatini yanada oshiradi. Taxminan 36 kilogramm og‘irlikdagi xazina 115 dona noyob buyumdan iborat. Ular orasida turli o‘lchamdagi oltin yombilar (quymalar), bilaguzuklar, bo‘yin taqinchoqlari (shodalar), sirg‘alar, marjonlar va boshqa bezak buyumlari mavjud. Eng muhimi, ayrim oltin yombilarga o‘sha davrning asosiy yozuvlaridan biri bo‘lgan kharoshtha yozuvida bitiklar tushirilgan. Bu yozuvlar Kushonlar davri iqtisodiyoti, o‘lchov birliklari va boshqaruvi haqida muhim ma’lumot beradi. Zargarlik buyumlari esa o‘zining nafis ishlanganligi, ellinistik, hind va mahalliy sak-skif an’analarini o‘zida mujassam etgan sinkretik san’ati bilan ajralib turadi. Bu esa Kushon davlati madaniyatining serqirra bo‘lganini va uning G‘arb hamda Sharq sivilizatsiyalari o‘rtasidagi muhim ko‘prik vazifasini o‘taganini isbotlaydi.
Xazinaning topilishi bilan arxeologlar Bahodir Turg‘unov va Eduard Rtveladze tomonidan barcha buyumlar zudlik bilan hujjatlashtirilib, maxfiy tarzda Toshkentga olib kelingan va O‘zbekiston hukumati ixtiyoriga, so‘ngra davlat banki xazinasiga topshirilgan. Ushbu misli ko‘rilmagan topilma Dalvarzintepaning Kushon podsholigi tarkibidagi yirik ma’muriy va savdo markazlaridan biri bo‘lganini tasdiqladi. Bugungi kunda Dalvarzintepa oltin xazinasi O‘zbekiston milliy merosining eng yorqin durdonalaridan biri hisoblanadi. U nafaqat mamlakatimiz, balki jahon olimlari uchun ham Kushonlar davri tarixi va madaniyatini o‘rganishda tuganmas ilhom va bilim manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
1991 yil (bundan 34 yil oldin) – Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon va Abdurauf Fitratga (vafotidan keyin) o‘zbek adabiyotini rivojlantirishdagi hizmatlari uchun Alisher Navoiy nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – Londondagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonasida O‘zbekiston Respublikasi bilan Islandiya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma Axborotni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
2013 yil (bundan 12 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro quyosh energiyasi instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
2014 yil (bundan 11 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun 5 bob, 30 moddadan iborat.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish hamda sohadagi investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Diniy bag‘rikenglik» ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA