Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida MDH mamlakatlari gepatopankreatobiliar jarrohlari assotsiatsiyasining XXXII xalqaro kongressi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Milliy tibbiyot markazi delegatsiyasi ham professor Azam Bobojonov rahbarligida faol ishtirok etmoqda. Delegatsiya tarkibida tibbiyot fanlari doktori Ulug‘bek Mahmudov va tibbiyot fanlari nomzodi Shaxjahon Matkarimov kabi o‘z sohasining yetakchi mutaxassislari bor.
Anjumanda gepatologiya, pankreatologiya va transplantologiya sohalaridagi dolzarb muammolar, zamonaviy yechimlar va ilg‘or amaliyotlar muhokama etilmoqda. Shuningdek, sohaviy yo‘nalishlardagi xalqaro hamkorlik masalalari ham kun tartibidan o‘rin olgan.
Kongress doirasida professor Azam Bobojonov nutq so‘zlab, Milliy tibbiyot markazining faoliyati, xususan, jigar transplantatsiyasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari, shuningdek, markazning xalqaro hamkorlikdagi yutuqlari va istiqbolli rejalari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Tadbirda Milliy tibbiyot markazi vakillari tomonidan bir qator ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi. Ular orqali zamonaviy transplantologiya va gepatobiliar jarrohlik sohasidagi milliy tajriba xalqaro miqyosda keng yoritilmoqda.
Shifokorlarimizning bunday nufuzli xalqaro anjumanlardagi ishtiroki mamlakatimiz tibbiyotining ilmiy va amaliyotdagi yuqori salohiyatini namoyon etib, yurtimizning xalqaro tibbiyot maydonidagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Sherbek Islomov, O‘zA