Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) boshchiligidagi delegatsiya Daniya parlamenti Ombudsmani taklifiga binoan Kopengagen shahriga tashrif buyurdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Taraqqiyot dasturi ko‘magida tashkil etilgan mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ko‘p yillik tajribaga ega Daniya parlamenti Ombudsmanining faoliyat yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishish, inson huquqlari sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan iboratdir.
Ombudsman xodimlari, hamkor tashkilotlar vakillari hamda Ombudsman huzuridagi jamoatchilik guruhi a’zolaridan iborat delegatsiya a’zolariga Daniya Ombudsmani faoliyati, uning mandati, tuzilmasi va murojaatlarni ko‘rib chiqishda qo‘llaniladigan uslublar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Murojaatlarni elektron tizim orqali boshqarish jarayoni haqida taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, murojaatlarni ko‘rib chiqishda fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik qilish tajribasi bo‘yicha fikr almashildi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston va Daniya Ombudsmanlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unda tajriba almashish, milliy preventiv mexanizm faoliyatini takomillashtirish va inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi.
Delegatsiya a’zolari Daniya Ombudsmani tizimida amalga oshirilayotgan innovatsion yondashuvlarni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ma’lumot uchun aytib o‘tish kerakki, Daniya parlament Ombudsmani Yevropada inson huquqlarini himoya qilish sohasida ilg‘or institutlardan biri hisoblanadi. 1954 yilda ta’sis etilgan mazkur institut parlamentning mustaqil organi sifatida davlat idoralari faoliyati ustidan nazorat olib boradi.
N.Abduraimova, O‘zA