Munosabat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqini yurtimiz va xalqaro jamoatchilik qatori men ham katta qiziqish bilan tingladim. Bu nutq nafaqat mamlakatimiz, balki boshqa davlatlar uchun ham dolzarb masalalarni qamrab olgani bilan tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Mamlakatimizning yangi tashqi siyosati va ochiq diplomatiyasi, davlatimiz rahbari nutqida ifoda etilganidek, xalqaro hamjihatlik, tinchlik va barqaror rivojlanish g‘oyalari bilan uzviy uyg‘un.

Ayniqsa, nutqdagi qator tashabbuslar — xalqaro xavfsizlik, mintaqaviy hamkorlik, iqlim o‘zgarishi, suv inqirozi, yoshlar siyosati, gender tengligi va ma’rifatparvar islom g‘oyalariga doir fikrlar keng qamrovli strategiyaning amaldagi ko‘rinishi bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari nutqida “inson qadri” g‘oyasi ustuvor vazifa sifatida belgilangani alohida ahamiyatga molik.
Ushbu g‘oya asosida bugun mamlakatimizda ortga qaytmas izchil islohotlar olib borilayapti. Natijada kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqardi, ta’lim va ilm-fan sohalarida erishilgan yutuqlar soni ortib, “yashil energetika” va zamonaviy infratuzilmani joriy etish orqali bandlik darajasi sezilarli o‘sdi. Bularning barchasi Yangi O‘zbekistondagi islohotlar samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarda so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlarni haqli ravishda umumiy tarixiy g‘alaba sifatida baholash mumkin. Yopiq chegaralar davri tarixda qoldi, savdo, investitsiya va transport hajmi bir necha barobarga oshdi. Bu haqda Prezident tomonidan bildirilgan fikrlar parlamentimiz, ilmiy jamoatchilik va butun xalqimizning intilishlari bilan uyg‘un.
Nutqda Afg‘oniston, Falastin va Ukrainadagi murakkab vaziyatga doir bildirilgan pozitsiyalar mamlakatimizning muvozanatli va tinchlikparvar tashqi siyosatini namoyon etdi. Xususan, Afg‘onistonning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi chaqiriq xalqaro hamjamiyat uchun muhim signal bo‘ldi.
Shuningdek, iqlim o‘zgarishi va suv resurslari taqchilligiga oid tashabbuslar – Orolbo‘yida “yashil makon” barpo etish, Suvni tejash bo‘yicha jahon forumini o‘tkazish, iqlim migratsiyasiga qarshi global pakt ishlab chiqish taklifi insoniyat taqdiri uchun beqiyos ahamiyatga ega.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni ta’sis etish taklifi juda muhim tashabbusdir. Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bugungi kunda jahon hamjamiyatida ma’naviyat va ma’rifatga ehtiyoj katta ekanini ko‘rsatadi. Bu tashabbuslar xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmatni mustahkamlaydi.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbarining BMT minbaridan so‘zlagan nutqi Yangi O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yuksaltirdi, mamlakatimiz pozitsiyasini tinchlikparvar, ochiq va inson qadriga asoslangan davlat sifatida yanada mustahkamladi.
Ushbu g‘oyalar ta’lim va ilmiy tadqiqotlar, iqtisodiy siyosat va moliya sohasidagi faoliyatimizda ham asosiy dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Elmurod HOSHIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi rektori.
O‘zA