Korrupsiya har qanday jamiyatni ich-ichidan yemiradigan, davlatning asosi – qonun ustuvorligiga putur yetkazadigan xatarli illatdir. Shunday ekan, sudlarda korrupsiyaga qarshi qanday kurashilmoqda?
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudining sudyasi Shahnoza Zayniyeva shu haqda fikr bildirdi:
– Buyuk mutafakkir Aristotel qayd etganidek, har qanday davlat tuzumida shunday qonun-qoidalarni joriy etish kerakki, mansabdor shaxslar qing‘ir yo‘l bilan boylik orttira olmasin.
Mamlakatimizda aynan shunday tizim yaratilmoqda. Korrupsiyaviy xatarlarni bartaraf etuvchi qonunchilik normalari ishlab chiqildi. Ularda oshkoralik prinsipi ustuvor qilib qo‘yildi.
“Yangi O‘zbekiston – yangi sud” tamoyili asosida sud-huquq sohasida keng ko‘lamli islohotlar davom ettirilmoqda. So‘nggi sakkiz yil ichida sudlar faoliyatiga oid 70 ga yaqin qonun, farmon va qaror qabul qilindi. Sudlarning moddiy-texnik bazasi tubdan yaxshilandi, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan institutsional o‘zgarishlar qilindi.
Sudlarda keng ko‘lamli raqamli transformatsiya boshlandi. Masalan, bugungi kunda sudga da’vo arizasini onlayn topshirish, sud hujjatlarining elektron nusxasini olish kabi xizmatlar to‘liq raqamlashtirildi. Oliy sudning my.sud.uz portali orqali millionlab fuqarolar o‘z sud ishini kuzatish, apellyatsiya berish kabi qulayliklardan foydalanmoqda.
Shu kungacha 17 millionga yaqin sud ishi elektron axborot tizimlarida yuritildi. 15,5 million ish sudyalarga inson omilisiz – avtomatik elektron tizim orqali taqsimlandi. Bu tizim avvallari mavjud bo‘lgan “tanlab taqsimlash”, ya’ni ishni “kerakli” sudyaga berish kabi korrupsiyaviy holatlarning oldini oldi.
2024 yil 1 noyabrdan boshlab sud idoralarining ichki hujjat aylanmasi ham to‘liq elektron shaklga o‘tdi. Natijada qisqa fursatda 638 million so‘m byudjet puli tejaldi. Raqamlashtirish nafaqat tejamkorlik, balki shaffoflikni ta’minlab, qog‘oz iste’molini keskin kamaytirdi.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 21 avgustdagi “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni odil sudlov sifati va tezkorligini oshirishga qaratilgan.
Ushbu hujjat bilan “Raqamli sud” konsepsiyasini bosqichma-bosqich amalga oshirish boshlandi. Farmon bilan sudlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jumladan, 2025-2030 yillarda barcha sud binolarini zamonaviy tarzda qurish va jihozlash bo‘yicha maxsus dastur tasdiqlandi.
Sud tizimidagi ochiqlik nafaqat texnologik yangilanish, balki sud jarayonlarining oshkoraligida ham namoyon bo‘lmoqda. Bugungi kunda sudlarning aksariyat qaror va hukmlari e’lon qilinmoqda, sud majlislari zallariga erkin kirish tartibi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Hatto sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash imtihonlari ham onlayn yoritib borilayotgani e’tiborga molik. Sudyalarning faoliyat samaradorligi ochiq elektron reyting asosida baholanmoqda.
Sud-huquq sohasida korrupsiyaga barham berish uchun bu tizimda faoliyat yurituvchi kadrlarning halolligi va malakasi ham juda muhim. Shu maqsadda yurtimizda sudyalarning bilim va ma’naviyatini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotir.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, sud odamlarga faqat hukm chiqaradigan organ bo‘lib qolmasdan, ularning haq-huquqlarini himoya qiladigan chinakam adolat maskaniga aylanishi kerak.
Darhaqiqat, sudga murojaat qilgan fuqaro adolat borligiga ishonsa, uning davlatga ishonchi ortadi. Korrupsiya esa adolatning qaror topishiga g‘ov bo‘ladigan eng manfur illatdir. Shu sababli, sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olishga qaratilgan choralar samaradorligini oshirish tizim xodimlari oldida turgan dolzarb vazifadir.
Norgul Abduraimova, O‘zA