Yurtimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, dori vositalarining noqonuniy savdosining oldini olish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Yangibozor tumani bo‘limi xodimlari tomonidan Ichki ishlar bo‘limi va mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “J.S.” xususiy korxonasiga qarashli dorixona sotuvchisi J.Y. fuqaro X.R.ga shifokor retseptisiz 150 dona “Benzonal” nomli, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositasini realizatsiya qilgan vaqtida ushlangan. Tekshiruv jarayonida dorixonadan qo‘shimcha ravishda yana 510 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, Departamentning Bulung‘ur tumani bo‘limi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda fuqaro M.S. fuqaro M.X.ga inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘z ichiga olgan 80 dona “Torgabalin 150 mg” dori vositasini 2,8 million so‘mga sotgan vaqtida qo‘lga olingan. Undan yana 87 dona shu turdagi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Departament xabariga ko‘ra, ayni paytda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
M.Qosimova, O‘zA