Markaziy Osiyo davlatlarining III parlamentlararo forumi “Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari: mintaqani har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha samarali yechimlar” mavzusiga bag‘ishlandi.
Bishkekda o‘tgan forumda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston parlamentlari rahbarlari va delegatsiyalari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva forumda davlatlarimiz o‘rtasida shakllanayotgan o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhiti nafaqat iqtisodiy hamkorlik, balki madaniy-gumanitar aloqalarga ham kuchli turtki berayotganini alohida ta’kidladi.

Forumda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yoshlar bandligi va migratsiya masalalari, shuningdek raqamli xavfsizlik va mintaqaviy standartlarni ishlab chiqish kabi muhim yo‘nalishlar muhokama qilindi.
***
Forum doirasida Senat Raisi Tanzila Norboyeva Qirg‘iz Jogorku Keneshi Torag‘asi Nurlanbek Shakiyev, Tojikiston Majlisi milli Majlisi Oli Raisi Rustami Emomali bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda mamlakatlar o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlashda parlament nazorati institutining rolini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
***
Forum doirasida migratsiya, mehnat oqimi, iqtisodiy barqarorlik va fuqarolar huquqlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan mavzu bilan bog‘liq sessiya bo‘lib o‘tdi.
Unda migratsiya mintaqa rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatayotgan tabiiy ijtimoiy-iqtisodiy hodisa ekani qayd etildi. Migratsiyani adolatli va xavfsiz boshqarish uchun mustahkam qonunchilik bazasi, samarali institutlar zarurligi ta’kidlandi.
Sessiya doirasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha migratsiya qonunchiligini uyg‘unlashtirish, xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilish va implementatsiya qilish, kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish va xavfsiz mehnat migratsiyasi mexanizmlarini yaratish kabi tashabbuslar ilgari surildi.
Forum doirasida investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiyotning shaffofligini oshirish bo‘yicha qonunchilik, shuningdek, raqamli tizimlarga bag‘ishlangan sessiyalar ham bo‘lib o‘tdi. Unda xususiy sektorni rivojlantirish, investitsiyalar ustidan parlament nazorati, shuningdek, kiberxavfsizlikni ta’minlash va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA