Fuqarolarni sudlar faoliyati, sohaga doir qonunchilikdagi yangiliklar bilan yaqindan tanishtirish va jamoatchilikka sud interaktiv xizmatlari haqida ma’lumot berish maqsadida Urganch tumanlararo iqtisodiy sudi va Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.
Unda nuroniylar, jamoatchilik faollari, Urganch davlat universitetida yurisprudensiya yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
[gallery-25418]
Tadbirda ishtirokchilar tuman sudi binosida tashkil etilgan advokatlar xonasi, prokuror xonasi, fuqarolarni qabul qilish jarayoni, sud majlislar zali hamda sudga tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan boshqa sharoitlar bilan tanishdilar. Sudning arxivi va devonxonasi faoliyati bo‘yicha ham tushuntirishlar berildi.
So‘ngra sudya va qatnashchilar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda ma’ruzachilar sudda ko‘riladigan ishlar toifasi, sudning vakolatlari, ishlarni ko‘rishning protsessual tartiblari hamda sudlarda joriy yilning birinchi yarmida ko‘rilgan ishlar tahlili haqida gapirishdi.
Muloqotlarda sud tizimidagi islohotlar va korrupsiyaga qarshi kurashishda sudlarning roli masalalariga ham alohida to‘xtalindi. Jumladan, sudyalar tomonidan “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi va unga muvofiq qabul qilingan Prezidentning tegishli farmoniga asosan sud tizimini raqamlashtirish bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
— “Raqamli sud” konsepsiyasi sud tizimida yangi bosqichga qadam bo‘lib, sud ishlari to‘liq elektronlashtiriladi, — deydi Urganch tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Bahodir Davletov. — Sud majlislarini videokonferensaloqa tizimi orqali masofadan o‘tkazish imkoniyatlari yanada kengayadi. my.sud.uz portalida fuqarolar uchun zarur bo‘lgan huquqiy yordam xizmati faoliyat yuritadi. Sud majlislari bayonnomalari real vaqtda tayyorlanadi. Bugun uchrashuvda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish orqali sud xarajatlarini hisoblash, sud muhokamasining taxminiy natijasini oldindan tahlil qilish imkoniyatlari yaratilayotgani haqidagi ma’ruza ayniqsa yoshlar uchun qiziq bo‘ldi,deb o‘ylayman.
Shuningdek, “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri doirasida sudga murojaat qiluvchi fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy etilgan o‘ndan ortiq sud interaktiv xizmatlari, ulardan foydalanish tartibi va sud majlislarida hamda viloyat sudi rahbariyatining qabulida masofadan turib qatnashish imkoniyatlari ishtirokchilarga to‘liq tushuntirildi.
Talabalar da’vogar, javobgar va advokat sifatida shartli sud majlisida ham ishtirok etib ko‘rishdi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari