Vatanimiz tarixidagi 24 sentyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1398 yil (bundan 627 yil oldin) – Hindiston yurishiga otlangan Amir Temur 24 sentyabr kuni Sind daryosidan Sulton Jaloliddin Xorazmshoh Chingizxon bilan jang qilgandan so‘ng 1221 yil 21 noyabr kuni kechib o‘tgan yeridan o‘tdi. U payt daryoning chap sohilidagi cho‘llar Jaloliy cho‘li deb atalardi. Bu esa Amir Temurning o‘zi Jaloliddin Xorazmshohning tarixi va voqealaridan xabardor ekanligidan, uning davrida bu yerlarda buyuk Xorazmshoh haqida xotiralar tirik ekanligidan dalolat beradi.
1556 yil (bundan 469 yil oldin) – shayboniylar sulolasidan bo‘lgan Movarounnahr hukmdori Baroqxon (asl ismi Navro‘z Ahmadxon) Samarqanddan chiqib, Darg‘om kanali yuqorisida joylashgan Raboti Xoja mavzeiga keladi va bu yerda katta bazmu jamshid uyushtiradi. U bazmda me’yoridan ortiq sharob ichish oqibatida olamdan ko‘z yumadi. Samarqand fuzalolari uning vafoti sanasini “Hol murda dar masti” so‘zlaridagi harflar bilan belgilashgan bo‘lsa, Buxoro fozillari “Xirmonso‘z” so‘zi harflari yig‘indisida vafoti sanasi yashiringanligini qayd etishgan. Chunki vafotidan bir yil oldin Navro‘z Ahmadxon Buxoroga yurish qilib, don xirmonlariga o‘t qo‘ygan edi. Har ikkala so‘zlardagi harflar yig‘indisi abjad hisobida 963 (1556) sanasini beradi.
1867 yil (bundan 158 yil oldin) – Buxora amiri Muzaffarning Usmoniylar saltanatiga yuborgan elchisi muftiy Mulla Muhammad Xo‘ja Porso amirning sovg‘a-salomlari va maxfiy maktubini Sulton Abdulazizga topshirdi. Amir mazkur elchini Rossiya imperiyasiga qarshi madad so‘rab Usmoniy xukmdor xuzuriga, ya’ni Istanbulga shu yilning yozida yuborgan edi. Turk sultoni Buxoro amirligiga xayrixoh ekanligini bildirsa-da, ayni paytda amaliy harbiy yordam bera olmasligi, to‘p quyuvchi va harbiy maslahatchilarini yuborishi mumkinligmni bildirgan, xolos.
1910 yil (bundan 115 yil oldin) – O‘zbekiston xalq artisti Olim Xo‘jayev dunyoga keldi (vafoti 1977 yil). U ijodi davomida yuzdan ortiq obrazlar yaratdi. 2002 yilda (vafotidan so‘ng) “Buyuk xizmatlari uchun ordeni” bilan mukofotlandi.
1917 yil (bundan 108 yil oldin) – Munavvar qori Abdurashidxonov o‘zi Toshkentda tashkil etgan sakkiz oylik muallimlar kursi iqtisodiy muammolarga duch kelgach majlis chaqirib, unga Toshkentning yirik boylari va ta’siri kuchli insonlarini taklif etdi. Shu kuning o‘zida 45 kishidan kattagina pul to‘plandi va majlis yakunida yangi bir jamoat tashkiloti “Muallimlar jamiyati” tuzilganligi e’lon qilindi. Mazkur jamiyatga birinchilardan bo‘lib Murodxo‘ja Solihxo‘jayev, Rustambek Yusufbek hoji o‘g‘li, Abdusome’ Ziyoboyev, Shokirjon Rahimiy, Abdulla Avloniy, Munavvar qori Abdurashidxonovlar kirgan edilar.
1920 yil (bundan 105 yil oldin) – Turkiston respublikasining yangi Konstitutsiyasi qabul qilindi.
1973 yil (bundan 52 yil oldin) – O‘zbekiston adabiyoti va san’atiga munosib hissa qo‘shgan shoira Zulfiya, xalq artisti Tamara Xonim, Halima Nosirova, Sora Eshonto‘rayeva, Galina Zagurskayalar Xalqlar do‘stligi ordeni sohibi bo‘ldilar.
1998 yil (bundan 27 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Jaloliddin Manguberdi xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni qaror toptirish maqsadida qabul qilingan ushbu qarorga muvofiq buyuk sarkardaning tavallud to‘yi 1999 yilda keng miqyosda nishonlanishi qayd etildi.
1999 yil (bundan 26 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda boks bo‘yicha Osiyo chempionatini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
2012 yil (bundan 13 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘irisida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 4 bob, 29 moddadan iborat.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Navoiy viloyati tarkibida G‘ozg‘on shahar hokimligini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur shahar hokimligi G‘ozg‘on shahri va Nurota tumanining chegaralari o‘zgarishi hamda G‘ozg‘on shahri viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritilishi munosabati bilan tashkil etilgan.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ijara huquqi asosida yashayotgan talabalar tomonidan to‘lanadigan ijara to‘lovlarini qoplab berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – Nyu-York shahrida imzolangan qo‘shma kommyunike asosida O‘zbekiston bilan Burundi Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA