Paxta hosilini mashinalarda terib olish darajasini oshirish bo‘yicha joriy yilda tarixiy islohotlar amalga oshirildi. Xususan, Prezidentimizning aynan shu masalaga tegishli 2 ta muhim qarori qabul qilindi. 2024 yil 12 dekabrdagi PQ-431-son qaroriga asosan import qilib chetdan olib kelinadigan paxta terim mashinalari 2027 yil 1 yanvarga qadar bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod etildi.
Shuningdek, mazkur qarorda fermer xo‘jaliklari va klasterlar, kooperatsiyalarga o‘z extiyoji uchun olib kelinadigan ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan paxta terim mashinalari ham 2027 yil 1 yanvarga qadar bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod etildi.
Yana bir muhim qaror, 2025 yil 19 fevralda qabul qilindi. Unga ko‘ra 2025 yilda 800 dona paxta terim mashinalari sotib olish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Olib borilgan ishlar natijasida mamlakatimiz tarixida birinchi marta joriy yilda 913 dona zamonaviy yuqori unumli paxta terish mashinalari fermer va klaster korxonalariga yetkazib berildi.
Mazkur qarorlar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar xususida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshqarma boshlig‘i Anvar Mirzaahmedov bilan suhbatlashdik.
- Joriy yilgi paxta terim mavsumi uchun texnikalarimiz shay xolatga keltirilganmi va mehnatkashlarimizning peshona teri evaziga hosil bo‘lgan millliy boyligimizni yog‘ingarchilik kunlarigacha nest-nobud qilmay terib olamizmi?
- Ushbu paxta terish mashinalarini FM WORL, BOSHIRAN, John Deere, SWAN va CANSA rusumli mashinalarini tashkil qilib, ular chet el ishlab chiqaruvchilarning mamlakatimizdagi rasmiy dilerlar hamda mamlakatimizdagi ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetkazib berilgan.
Olib kelingan paxta terish mashinalari barchasi yuqori unumli bo‘lib, bir kunda o‘rtacha 50-60 tonna hosilni terib olish imkoniyati mavjud.
Avvalgi yillari olib kelingan paxta terish mashinalarini ham mavsumga tayyorgarligi bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan mavjud 912 dona paxta terish mashinalari ta’mirlash maskanlariga yig‘ilib, belgilangan tartibda ta’mirlandi va O‘zagroinspeksiya tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, hududiy komissiyalar tomonidan qabul qilib olindi hamda maxsus sertifikatlar berilgan holda ishga chiqarildi.
Bugungi kunda paxta yig‘im terim ishlarida 1847 dona yuqori unumli texnikalar mavsumda qatnashmoqda.
Albatta bunda paxta terish mashinalarini boshqaradigan mexanizatorlarga ko‘p narsa bog‘liq. Shuning uchun, joriy yilda yana bir yangilik bo‘ldi, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2025 yilning 5-8 sentyabr kunlari respublikaning barcha hududlarida paxta terish mashinalarini boshqarish uchun biriktirilgan mexanizatorlarning malakasini oshirish uchun o‘quv kurslari tashkil qilindi.
Ushbu o‘quv kurslariga oliy o‘quv yurtlari professor o‘qituvchilari, paxta terish mashinalarini ishlab chiqargan xorijiy korxonalarning maxsus mutaxassislari, respublika vazirlik va idoralarning xodimlari jalb etildi.
Kurslarda mazkur texnikalarning tuzilishi, ishlash tartibi, ulardan foydalanish, yong‘in xavfsizligi qoidalari o‘rgatilib, jami 2427 nafar mexanizatorlarga maxsus sertifikatlar berildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/1TrWV-xUJsI" title="913 dona zamonaviy paxta terim mashinalari keltirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA