Birlashgan Millatlar Tashkilotining navbatdagi Bosh kotibi ilk bor ayol kishi bo‘lishi mumkin, nomzodlar orasida Yangi Zelandiyaning sobiq Bosh vaziri Jasinda Ardern ham bor, deb yozdi “Blumberg”.
- Hozirgacha BMTga rahbarlik qilgan to‘qqiz kishining hammasi erkaklar edi, - deyilgan hisobotda. - Ushbu an’anani o‘zgartirishga da’vat tobora kuchaymoqda. Shu oy qabul qilingan rezolyutsiya BMT a’zolarini Bosh kotib lavozimiga nomzod tanlashda gender masalasini jiddiy ko‘rib chiqishga chaqiradi.
Qayd etilishicha, Arderndan tashqari ehtimoliy nomzodlar orasida Barbados hukumati boshlig‘i Mia Mottli, BMT Inson huquqi bo‘yicha sobiq komissari Mishel Bachelet va Bosh kotib o‘rinbosari Amina Muhammad ham bor.
Agentlik ta’kidlashicha, AQSH birinchi navbatda Amerika ustuvorligiga javob beradigan rahbarni afzal ko‘rishi ehtimoli yuqori. Shu bois Vashington Eronning yadroviy dasturi tashabbusi va Barqaror rivojlanish maqsadi bo‘yicha pozitsiyasi uchun
MAGATE Bosh direktori Rafael Grossi nomzodini qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
Qolaversa, Ukraina va G‘azoda davom etayotgan mojaro, shuningdek Prezident Donald Tramp ma’muriyati yondashuvi tufayli moliyalashtirish manfaati nuqtai nazaridan navbatdagi rahbarni tanlash jarayoni keskin kechishi kutilyapti.
BMT davriy byudjetiga salmoqli hissa qo‘shuvchi AQSHning mavqei
22 foiz ulush bilan ancha yuqori hisoblanadi. Vashingtonning badal to‘lashdagi tixirligi tufayli keyingi payt xalqaro loyihalarni moliyalashtirishda muammolarga duch kelinmoqda. Yanvar oyi ma’lumotiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar tashkilotdan 2,8 milliard dollar qarz. Shundan 1,5 milliardi davriy byudjet, qolgani tinchlikparvar amaliyot va tribunal uchun ajratilgan. Tramp 2 may kuni 2026 moliya yili byudjeti bo‘yicha taklifida BMTning tinchlikparvar amaliyoti moliyalashtirilishini butunlay to‘xtatish taklifini kiritib, bu jarayonni AQSH uchun samarasiz va adolatsiz darajada qimmat, deb atadi. Shuningdek, BMT idoralari, jumladan JSST, YUNESKO va tashkilot davriy byudjetiga majburiy va barcha ixtiyoriy badallar to‘xtatilishini taklif qildi.
S.Rahimov, O‘zA