Fransiyaning Parij shahridagi “Théâtre du Châtelet” teatrida “Oltin to‘p” taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda "PSJ" klubi a’zosi, fransiyalik Usmon Dembele 2024–2025 futbol mavsumi yakunlariga ko‘ra “Oltin to‘p” sohibiga aylandi. Ayollar futbolida o‘zining yorqin o‘yinlari bilan tanilgan ispaniyalik Aytana Bonmati (“Barselona”) ushbu nufuzli sovringa ega chiqdi. Sokrates mukofoti (insoniylik faoliyati uchun) Sira Martinesga topshirildi.


Taqdimot marosimida yilning eng yaxshi erkaklar jamoasi sifatida “PSJ”, ayollar futbolida esa “Arsenal” jamoasi tan olindi. Yilning eng yaxshi murabbiylari sifatida Luis Enrike (“PSJ”) va Sarina Vigman (Angliya ayollar terma jamoasi) e’tirof etildi.


Kutilganidek, o‘tgan mavsumning eng yaxshi yosh futbolchisi sovrini Lamin Yamalga (“Barselona”), qizlar o‘rtasida esa Viki Lopesga (“Barselona”) topshirildi. Darvozabonlarga beriladigan "Lev Yashin" mukofoti bu safar Janluiji Donnarummaga (“MS”/“PSJ”) va Xanna Xemptonga (“Chelsi”) nasib etdi. Gerd Myuller mukofoti esa Viktor Dyokereshga (“Arsenal”/“Sporting”) va Eva Payorga (“Barselona”) berildi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA