Bugun “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda dastlab fraksiya rahbari Alisher Qodirov davlatimiz rahbarining joriy yil 15 sentyabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga tashrifi hamda o‘qituvchi va murabbiylar bilan “Ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchi va murabbiylarni yanada qo‘llab-quvvatlash masalalari” bo‘yicha o‘tkazgan muloqotidagi taklif va tashabbuslar haqida to‘xtaldi. O‘qituvchi va sifatli ta’lim tizimi jamiyatni o‘zgartiradigan, mamlakat ravnaqini ta’minlaydigan asosiy kuch ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, Prezidentimizning Namangan viloyatiga tashrifi xususida so‘z yuritib, unda belgilab berilgan vazifalar ahamiyati, deputatlarning ishtirokiga e’tibor qaratdi.
Shundan so‘ng yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Ma’lumki, o‘tgan parlament saylovlari yangicha — mojaritar va proporsional saylov tizimi asosida o‘tkazilgan edi. Proporsional saylov tizimiga ko‘ra, bo‘shab qolgan deputatlik o‘rnini partiya ro‘yxati bo‘yicha navbatdagi nomzod egallaydi.

Qayd etilganidek, fraksiya a’zosi Mahmud Istamov Adliya vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani munosabati bilan uning o‘rniga Nigora Lutfullayeva deputatlik o‘rnini egalladi. Markaziy saylov komissiyasi kotibi Xudoyor Mamatov fraksiyaning yangi vakiliga deputatlik guvohnomasini va ko‘krak nishonini topshirdi.
Shundan so‘ng kun tartibidagi bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi. Jumladan, “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

– Bundan qariyb 20 yil oldin qabul qilingan avtomobil yo‘llari sohasiga oid amaldagi qonun bugungi kun talabiga javob bermay qoldi, — dedi deputat Go‘zal Samiyeva. — Shu maqsadda ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida yo‘l infratuzilmasiga investitsiya jalb qilish, pullik avtomobil yo‘llari bilan bog‘liq yangi normalar qonunchilikka kiritilmoqda. Pullik avtomobil yo‘llaridan foydalangan shaxslar to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmasa, javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda. Belgilangan tartibga ko‘ra, pullik avtomobil yo‘llariga muqobil bo‘lgan bepul yo‘llar bo‘lishi shart.

Muhokamalarda deputat Azamat Pardayev ko‘p hollarda ichki yo‘llar ta’mirlanganidan 1 yil o‘tar-o‘tmas, yo‘llarning holati yomon ahvolga kelib qolayotgani, ichki yo‘llarning saqlanishiga kim javob berishi bo‘yicha savollarni o‘rtaga tashladi. Bunga javoban Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi vakili mahalliy hokimiyat bu masalalarga mas’ul ekanligini bildirdi.
Loyihani takomillashtirish bo‘yicha bir qator savollar o‘rtaga tashlanib, qizg‘in muhokama qilindi. Yakunda tegishli qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA