O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ko‘magida 22-23 sentyabr kunlari Toshkent shahrida “SHARE Uzbekistan” xalqaro me’morchilik va shaharsozlik forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Forumda 15 mamlakatdan 30 dan ortiq yetakchi me’mor va mutaxassislar ishtirok etmoqda. Delegatsiya tarkibidan Daniyadagi “Bjarke Ingels Group”, Buyuk Britaniyadagi “Zaha Hadid Architects”, Fransiyadagi “XTU Architects”, Xitoydagi “MAD Architects” kabi dunyoga mashhur me’morchilik byurolari vakillari o‘rin olgan. Ularning ishtiroki mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli shaharsozlik loyihalarini xalqaro tajriba bilan boyitishga xizmat qiladi.

Forum tashkilotchisi hisoblangan “SHARE Architects” ilk bor Toshkentda me’morlar, muhandislar va soha yetakchilarini birlashtirmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, “SHARE Architects” – bu xalqaro me’morchilik platformasi bo‘lib, u Markaziy va Sharqiy Yevropa, shuningdek, Kavkaz va Markaziy Osiyoda me’morlar, muhandislar va pudratchilar o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarib kelmoqda. Shu vaqt ichida kompaniya 106 dan ortiq tadbirlarni tashkil etib, deyarli 20 ming nafar mutaxassis va 2 ming 100 dan ortiq spikerlarni jalb qildi hamda mintaqadagi eng faol tadbir tarmoqlaridan biriga aylandi.

“SHARE Architects”– bu xalqaro maydoncha bo‘lib, u me’morchilikdagi yuksak yutuqlarni e’tirof etadi va mintaqaning rivojlanib borayotgan qurilish muhitidan chiqayotgan dizayn innovatsiyalarini jahon miqyosida namoyish qiladi. Bu yilgi tanlovda 20 mamlakatdan, jumladan O‘zbekistondan ham 117 ta yakuniy loyiha ishtirok etadi. Mukofotlash marosimi 3–5 dekabr kunlari Avstriyada bo‘lib o‘tadi.
Bugungi kunda “SHARE Architects” yuzlab me’morlarni birlashtirgan. O‘tgan yilda uning a’zolari soni 53 mamlakatdan 920 nafarga yetdi.

Forumda “SHARE Uzbekistan” xalqaro me’morchilik va shaharsozlik forumi mamlakatimiz me’morchiligi va shaharsozligi uchun yangi hamkorlikni rivojlantirish hamda Toshkent va butun mintaqaning kelajakdagi rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratadi. Mazkur xalqaro tarmoq qariyb 30 yildan buyon Yevropa va Kavkaz mintaqasida yirik forumlar o‘tkazib kelmoqda.
– Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan ushbu tadbir platformaning Markaziy Osiyodagi ilk tashabbusi hisoblanadi. Bu orqali O‘zbekiston global me’morchilik jamoasining faol a’zosi sifatida yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ushbu forum o‘zbek me’morchilik maktabining professional rivojlanishiga yanada turtki beradi, – deydi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Davronjon Odilov. – Biz ishonamizki, xalqaro va mahalliy tajriba sinergiyasi zamonaviy va shu bilan birga, milliy qadriyatlarimizga uyg‘un me’moriy yechimlarni yaratishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekiston hozirda jadal shaharsozlik o‘zgarishlari bosqichida turibdi. Zamonaviy va barqaror rivojlanishga qaratilgan yirik loyihalar xalqaro me’morlar, muhandislik kompaniyalari va pudratchilar e’tiborini o‘ziga tortmoqda. Mazkur forum mahalliy me’morlar va mutaxassislar uchun ilg‘or tajribalarni o‘rganish, xalqaro hamkorlar bilan muloqot qilish va yangi g‘oyalarni joriy etish imkonini bermoqda.

Forum dasturidan ma’ruzalar, moslashuvchan me’morchilik va fasad yangiliklariga bag‘ishlangan sessiyalar o‘rin olgan.
–Madaniyatlar, tarixlar va intilishlar chorrahasi – O‘zbekistonda mazkur forumni o‘tkazish bizni juda ilhomlantirmoqda, – deydi “SHARE Architects” asoschisi Florin Mindirijiu. — “SHARE Uzbekistan-2025” forumini o‘tkazish biz uchun ulkan voqea. Dunyoga mashhur me’morlarning ishtiroki va mahalliy o‘ziga xoslik bilan uyg‘unlashuvi yangi loyihalarni vujudga keltiradi. Ushbu nufuzli tadbir yurtingizda o‘tkazilayotgani bizni yanada quvontirmoqda. Chunki, O‘zbekiston dunyo tarixini hikoya qiluvchi tarixiy shaharlar makoni. Ishonchim komilki, dunyoga mashhur me’moriy amaliyotlarning ishtiroki mahalliy o‘ziga xoslikni chuqur anglash bilan uyg‘unlashganda, zamonaviylik va an’ana barqaror kelajak yo‘lida birgalikda xizmat qiladigan loyihalarni yaratadi.
Forum doirasida urbanizatsiya, jamoat binolari va “Yangi Toshkent” loyihasi bo‘yicha sessiyalar o‘tkazildi. Forum 23 sentyabrga qadar davom etadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/xXQvQ0453r4?si=e1ekaD5CfATloQAb" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, O‘zA