Huquqiy munosabat
Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarini) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha kimga yoki qayerga murojaat qilish kerak?
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi rahbari Otabek Narziyev bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
–Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha yagona darchaga ariza qoldirish lozim. Shundan so‘ng ariza Hududiy elektr tarmoqlariga yuboriladi va ular o‘rnatib berishadi.
Bu quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi. Jumladan, elektr energiyani hisobga olish uskunasini yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat qilish yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Davlat xizmatlari markazi tabiiy gazni hisobga olish uskunasini yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish uchun so‘rovnomani qiyoslashdan o‘tkazish uchun metrologiya xizmatiga yuboradi.
Talabgor bilan kelishilgan vaqtda so‘rovnomada ko‘rsatilgan manzilga borib, hisobga olish uskunasini o‘rnatib berish va uch nusxada tegishli dalolatnoma tuzgan holda plombalash, dalolatnomaning bir nusxasini talabgorda qoldirish mumkin.
Xizmat ko‘rsatish yakunlangani haqida xabardor qilish uchun hisobga olish uskunasi o‘rnatilgani haqidagi dalolatnoma Davlat xizmatlari markazlariga yuboriladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA