Bugun, 22 sentyabr kuni futzal bo‘yicha "Osiyo kubogi-2026" saralash bahslarining 2-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Qirg‘izistonning Bishkek shahrida o‘tayotgan “F” guruhi saralash uchrashuvlarida qatnashayotgan O‘zbekiston futzal terma jamoasi 2-turda Sharqiy Timor jamoasi bilan ro‘baro‘ keladi.
Shuningdek, bugun mazkur guruhdan joy olgan Qirg‘iziston – Falastin terma jamoalari o‘zaro o‘ynaydi.

Aytish lozim, saralash musobaqasining 1-turida Qirg‘iziston Sharqiy Timor futzalchilarini 9:1 hisobida, O‘zbekiston terma jamoasi ilk turda Falastin vakillarini 7:1 hisobida mag‘lub etgan edi.
Xo‘sh, mamlakatimiz futzalchilarining bugungi raqibi qachondan xalqaro musobaqalarda ishtirok eta boshlagan? Eng yuqori natijasi qanday?
Ushbu jamoa xalqaro maydondagi birinchi uchrashuvini 2006 yil 9 oktyabrda Portugaliya terma jamoasiga qarshi o‘tkazib, 0:56 hisobida imkoniyatni boy bergan. Oradan to‘rt kun o‘tib orolliklar Braziliyaga qarshi o‘yinda 0:76 ko‘rinishida mag‘lub bo‘lgan.
Sharqiy timorliklar hozirda jahon reytingida 108-o‘rinda bormoqda. Ikki yil muqaddam Bruneyga qarshi bahsda jamoa tarixdagi eng yirik g‘alabasini qo‘lga kiritdi – 8:0.
Jamoa hali jahon chempionati hamda Osiyo kubogi bahslarida ishtirok etmagan. Ammo, Sharqiy Osiyo mamlakatlari musobaqalarida muntazam final bosqichida ishtirok etib kelayotgani ularning o‘sishidan dalolat, deyish mumkin.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA