“Mezon” fermer xo‘jaligi paxtakorlari shunday deyishmoqda.
Yozyovon tumanidagi “Mezon” fermer xo‘jaligi Farg‘ona viloyatida paxtachilikda o‘ziga xos tajriba yaratgan. Buning asosiy sabablaridan biri fermer xo‘jaligi sohaga ilm va zamonaviy texnologiya bilan yondashadi, natijada hosildorlik va daromad ortishiga erishilmoqda.


Bu yil xo‘jalikda 87,2 gektar maydonga Xitoydan keltirilgan paxta navi 76 sxemada ekildi. Shundan 60 gektar maydondagi g‘o‘zalar plyonka ostida, tomchilatib sug‘orish usulida parvarishlandi. Agrotexnik tadbirlar vaqtida, sifatli amalga oshirildi. Paxta dalalarida mo‘l hosil yetishtirilib, uni terib olishga kirishildi.


- Chigit ekishdan avval maydonlarni kengaytirdik, - deydi Mezon fermer xo‘jaligi rahbari Vohidjon Obidov. – Chunki avvaldan paxtani mashinada terishni rejalashtirgan edik. Ko‘chatlar soni ko‘pligi uchun ikki bor yengil defalyatsiya qildik. Mana endi ko‘rib turganingizdek maydon terimga tayyor bo‘ldi. Shu bugunning o‘zida uchta terim mashinasini jalb qildik. Ikki kunda paxtani terib g‘o‘za navdasini maydalab yerga sochamiz. So‘ng yerni haydab don ekamiz. Terim mashinalarining har biri shu kunning o‘zida 40-50 tonnadan paxta terishga erishdi. “ Mezon” 80 sentnerlik marraga intilmoqda.
Muxammadjon Obidov, O‘zA