Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video keng jamoatchilikda jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Instagram foydalanuvchilaridan biri turmush o‘rtog‘ining tug‘ilgan kuni munosabati bilan qo‘y so‘yilganini e’lon qilar ekan, aslida o‘zi tirik va insonga zarar yetkazmaydigan, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan sharq bo'g‘ma ilonini vahshiyona tarzda o‘ldirib, buni videoga yozib olgan va videoni tarmoqda tarqatgan.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, hayvonlarni o‘ldirish yoki qiynash orqali ko‘ngilochar kontent tayyorlash — jamiyatda zo‘ravonlik va befarqlikka olib keladi.
Toshkent shahar atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining ekologik nazorat inspeksiyasi ushbu holatni o‘rganishi natijasida fuqaroning haqiqatan ham o‘z uyida ilonni o‘ldirgani aniqlangan va unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 94-moddasi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Shu bilan birga, ilonning nobud qilinishi tabiatga yetkazilgan zarar sifatida baholangan va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 290-sonli qarori asosida hisob-kitob qilinib, zarar miqdori — bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari etib belgilangan.
Hozirda ish materiallari jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudiga yuborish uchun tayyorlanmoqda.
Ekologlar ta’kidlashicha, sharq bo'g‘ma iloni insonga zarar yetkazmaydi, balki tabiiy muhitda muhim bioekologik vazifani bajaradi. Shu bois uning yo‘q qilinishi — nafaqat qonunbuzarlik, balki tabiatga ham og‘ir zarba hisoblanadi.
M.Eshmirzayeva, O‘zA