Xabaringiz bor, shu kunlarda Qo‘qon shahrida III xalqaro hunarmandlar festivali bo‘lib o‘tmoqda. Bugun esa Rishtonda Xalqaro kulollar forumi ochildi. Biz forum ishida qatnashayotgan Jahon hunarmandchilik kengashi prezidenti janob Saad Al-Kaddumi bilan uchrashib, Rishton kulolchiligi haqida suhbatlashdik. Saad Al-Kaddumi bizga quyidagilarni gapirib berdi.
– Bugun men Rishton kulollari va kulolchilik maktabi oldida katta mamnuniyat bilan turibman. Chunki biz Rishton shahrining Jahon hunarmandchilik kengashi (AISBL) tomonidan “Keramika san’ati bo‘yicha jahon hunarmandchilik shahri” sifatida tan olinishini nishonlamoqdamiz.
Bu e’tirof shunchaki unvon emas. U shaharning mohiyati, tarixiy merosi va ruhiyati avlodlar davomida shakllangan, loyda bitilgan, sirlar bilan bezatilgan va olovda pishirilgan noyob asarlarida o‘z ifodasini topganining tan olinishidir. Farg‘ona vodiysining yuragida joylashgan Rishton azaldan Ipak yo‘li davridan buyon madaniyat va hunarmandchilikning muhim markazi sifatida tanilgan. Uning betakror keramika san’ati nafaqat kitob sahifalarida, balki jahon bo‘ylab sayohat qilgan, O‘zbekistonning go‘zalligi, xalqining boy madaniyati va barqaror ruhini namoyon etgan.
“Rishton” nomi ham “qizil tuproq” degan ma’noni anglatadi. Bu shahar san’ati tabiatning o‘zi bilan bog‘liqligini eslatib turadi. Boy tuproq ustalar qo‘lida kundalik hayot uchun zarur idishlarga, madaniy meros timsollariga aylanadi. Osmondan ilhom olingan feruza va ko‘k sirlar, anor, par va gul naqshlari – barqarorlik, farovonlik va tinchlikdan darak beradi.
Rishtonning o‘ziga xosligi faqat uning tarixiy merosida emas, balki bugungi kunida ham to‘la namoyon bo‘lmoqda.
Mingdan ortiq faol hunarmand ustalar hamda shogirdlar faoliyati orqali Rishtonda tirik hunarmandchilik an’analari yaratiladi va rivojlantiriladi. Bu madaniy muhit nafaqat turmush tarzini ta’minlaydi, balki yangi avlodlarni tarbiyalaydi, o‘zbek xalqining ma’naviy boyligini va O‘zbekistonning madaniy kelajagini jahonga namoyon etadi.
Xalqaro keramika markazi, hunarmandlar mahallalari, oilaviy ustaxonalar va ustoz-shogird an’analariga asoslangan maktablar – bularning barchasi Rishtonda joylashib, milliy meros va zamonaviy yangilik uyg‘unligida avloddan avlodga o‘tadigan bebaho an’anani saqlash va rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Rishtonning “Keramika san’ati bo‘yicha Jahon hunarmandchilik shahri” sifatida tan olinishi O‘zbekiston rahbariyatining teran tafakkuri, “Hunarmand” uyushmasining fidoyiligi va hunarmandlar jamoasining sabr-toqatini ham e’tirof etadi. Ular sanoatlashuv, ommaviy ishlab chiqarish va globallashuv to‘lqinlariga qaramasdan, noyob va nozik merosni asrab qolishga muvaffaq bo‘ldi.
Bu e’tirof yo‘lning oxiri emas, balki yangi davrning boshlanishidir. U bizdan birgalikda va mas’uliyat bilan harakat qilishni talab qiladi. Qizil tuproqni muhofaza qilish va undan barqaror foydalanishni ta’minlash, hunarmandlarni xalqaro maydonlarda qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlarni ushbu bebaho merosni davom ettirishga jalb etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash – bularning barchasi Rishton keramikasini boshqa hunarmandchilik an’analari bilan birgalikda jahon madaniy muhitida munosib o‘rin egallashini ta’minlashga qaratilgan qadamlardir.
Rishton bugun Jahon hunarmandchilik shaharlari oilasiga qo‘shildi. Insoniyat umumiy merosini yoritib turuvchi yangicha va yangi yulduzlar majmuasiga aylandi. Bu e’tirof hunarmandchilik o‘tmish qoldig‘i emas, balki kelajak uchun ijodkorlik va barqaror taraqqiyot kuchidir, degan haqiqatni tasdiqlaydi.
Jahon hunarmandchilik kengashi (AISBL) nomidan Rishton xalqiga, uning hunarmandlariga va O‘zbekiston hukumati hamda muassasalariga samimiy tabriklarimni yo‘llayman. Rishtonning loyi asrlar davomida go‘zallik, barqarorlik va tinchlik idishlariga aylanaversin.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA