Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir mamlakatimizga tashrifi doirasida ta’lim sohasini mustahkamlashga qaratilgan Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti faoliyati bilan tanishdi.
Ushbu tadbir maktabgacha ta’lim muassasalari pedagoglarining kasbiy rivojlanishida tub o‘zgarishlarga olib keladigan innovatsiyalarni namoyish etish maqsadida tashkil etildi.
“O‘zbekiston Respublikasida sifatli maktabgacha ta’limdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi ITB tomodan qo‘llab-quvvatlanayotgani alohida ta’kidlandi. Mazkur loyiha doirasida 2,3 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirilib, vazirlik va YUNICYeF hamkorligida 11 ta viloyatda mahorat markazlari takomillashyapti. Toshkent shahrida sun’iy intellektga asoslangan birinchi multimedia studiyasi ishga tushirilib, pedagogik kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha yangi dasturlar ishlab chiqilayotgani yuqori baholandi.
– O‘zbekiston o‘z yoshlariga sarmoya kiritib, doimiy farovonlik sari yo‘l ochmoqda, – dedi Muhammad bin Sulaymon al-Jassir. – Biz zamonaviy vositalar o‘qituvchilar salohiyatini ochib berayotganini va innovatsion o‘quv dasturi bolalarning ta’lim olish jarayonini tubdan o‘zgartirayotganini ko‘ryapmiz. Islom taraqqiyot banki ushbu yo‘lda hamkor bo‘lishdan faxrlanib, yurtingizda barqaror rivojlanish va ilg‘or ta’lim islohotlarini amalga oshirishga sodiqliqligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Maktabgacha ta’limdagi loyihadan tashqari, O‘zbekiston ta’lim sohasidagi eng yirik investitsiya – umumiy qiymati 220 million dollarni tashkil etuvchi SmartEd loyihasi ham amalga oshirilmoqda.
Mazkur tashabbus doirasida respublikada ta’lim islohotini qo‘llab-quvvatlash, jumladan, inklyuziv ta’lim modellarini sinovdan o‘tkazish, milliy o‘quv dasturi va baholash tizimini yangilash, sifatni nazorat qilish mexanizmlarini kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlash uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda YUNISEF umumiy qiymati 19,2 million dollar miqdoridagi bitim imzoladi.
– ITBning O‘zbekiston ta’lim sohasiga kiritayotgan investitsiyasi ham o‘z vaqtida, ham strategik jihatdan muhim. Hukumatning inson kapitalini rivojlantirish maqsadiga to‘liq uyg‘un keladi, – dedi YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio. – Kichik yoshdagi bolalarga ta’lim berishning samarasi juda katta Bundan tashqari, o‘quv dasturlarini isloh qilishga e’tibor qaratish dolzarb va barqaror ta’lim tizimini yaratishga asos bo‘ladi.
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA