Vatanimiz tarixidagi 20 sentyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1398 yil(bundan 627 yil oldin) – Hindistonga yurish boshlagan Sohibqiron Amir Temur qo‘shini Sind daryosi (“Daryolar otasi”) qirg‘og‘iga yetib keldi. Daryoga ko‘prik solish haqida oliy farmon berildi va ko‘prik zudlikda bitirildi. Shu kuni qo‘shni va yiroq davlatlardan kelgan elchilar, jumladan, Makka hamda Madinadan tashrif buyurgan elchi Muhammad Madaniyga o‘z vatanlariga qaytishga ijozat berildi. Sohibqiron Sind daryosini bu yerda to‘rt kun to‘xtab, hordiq olgandan so‘ng kechib o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, o‘rta asr arab manbalarida Sind (hozirgi Hind) daryosining nomi Mihron daryosi shaklida qayd etilgan. Jumladan, XIV asr ikkinchi yarmi – XV asr boshida yashagan arabiynavis muarrixlardan biri u haqda shunday yozib qoldirgan: “U yerda Mihron daryosi bor, uning eni Dajla daryosining eniga o‘xshaydi yoki undan ham keng”.
1419 yil (bundan 606 yil oldin) – Mirzo Ulug‘bek Xitoy elchilarini Xurosonga kuzatib qo‘yganidan keyin, Mo‘g‘uliston ustiga qo‘shin tortdi. Turkiston hokimi Arslonxoja tarxon, Sabron hokimi amir Fatton, shuningdek, Sayxun atrofidagi shaharlarning dorug‘alari, Yodgor barlos va Mahmud tarxon singari nomdor amirlar unga bu yurishda hamroh bo‘ldilar. Samarqandni tasarruf qilib turish amir Iskandar Hindu Buqoga topshirildi. Lekin yurish Toshkentga borganda to‘xtatildi.
1917 yil(bundan 108 yil oldin) – Toshkentda bo‘lib o‘tgan musulmonlar qurultoyda “ulamochilar” bilan “sho‘roi islomchilar” o‘rtasidagi uzoq va qizg‘in bahslarga qaramay, nihoyat, ular kelishish va murosa yo‘lini topdi. Qurultoyda “Sho‘roi Islomiya”, “Sho‘roi Ulamo”, “Turon” va boshqa siyosiy tashkilotlarni birlashtirish yo‘li bilan butun Turkiston mintaqasi uchun umumiy bo‘lgan “Ittifoqi muslimin” degan siyosiy firqa tuzishga qaror qilindi.
1919 yil(bundan 106 yil oldin) – taniqli olima, filologiya fanlari doktori, professor Fozila Sulaymonova tavallud topdi (vafoti 2011 yil). U ko‘plab ilmiy maqola, monografiya va Sharq miniatyuralarini chop ettirgan. 1994 yilda “Sog‘glom avlod uchun”, 1999 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari va 1998 yilda Fransiya Fanlar akademiyasining oltin pal’ma mukofoti bilan taqdirlangan.
1919 yil (bundan 106 yil oldin) – rishtonlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mamadali Topivoldiyev (1919–1969) tavallud topdi. U Borisov shahri yaqinidagi jangda yaralangan va asirga tushib qolgan. 1942 yil asirlikdan qochgan. Belorussiyadagi partizanlar brigadasida razvedka bo‘linmasi komandiri bo‘lgan. Mamadali Topiboldiyev Mogilyov viloyati Krugloye rayonidagi janglarda alohida jasorat ko‘rsatgan. Ushbu jasorati uchun 1944 yil avgustda Kahramon unvoniga sazovor bo‘lgan. Mogilyov viloyatining Krugloye shaharchasi Topivoldiyev nomi bilan atalgan.
1952 yil (bundan 73 yil oldin) – mashhur o‘zbek shoiri va dramaturg, taniqli adabiyotshunos olim Maqsud Shayxzoda Toshkent shahrida qamoqqa olindi. 1953 yil 12–14 yanvarda bo‘lib o‘tgan Toshkent viloyat sudi Maqsud Shayxzodani 25 yillik qamoq jazosiga va jazo muddati tugagach uni yana 5 yilga saylash va saylanish huquqidan mahrum qildi. Iosif Stalin vafotidan so‘ng, 1954 yil 7 iyunda Shayxzodaning “jinoiy ishi” to‘xtatilib, uni afv qilish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.
1991 yil (bundan 34 yil oldin) – Toshkentda Hindiston savdo ko‘rgazmasi ochildi. Mazkur ko‘rgazmada 65 ta hind firma va kompaniyalari o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – “Ekosan” xalqaro O‘zbekiston ekologiya va salomatlik jamg‘armasi ro‘yxatdan o‘tdi.
1996 yil (bundan 29 yil oldin) – Samarqandda qadimiy Afrosiyob shahar xarobasida qazish ishlari olib borgan fransuz arxeologlari topilmalari ko‘rgazmasi ochildi.
2006 yil (bundan 19 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Mikrokredit tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunning maqsadi mikrokredit tashkilotlarining tashkil etilishi va faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2017 yil(bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlarida istiqomat qilayotgan bir guruh vatandoshlarimiz bilan uchrashdi. Ular orasida olimlar, ishbilarmonlar, xalqaro va jamoat tashkilotlari vakillari, talabalar bor edi. Shavkat Mirziyoyev vatandoshlarimizni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga daxldor bo‘lish, zamonaviy bilim va tajribalarini mamlakatimiz rivojiga yo‘naltirishga da’vat etdi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo Olimpiya kengashining 36-Bosh assambleyasida “Kurash” milliy sport turi tarixda ilk bor XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritildi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mahallalarda jamoat tartibini saqlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun nodavlat ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘simliklarni himoya qilishda biologik kurash tadbirlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA