Kecha BMT Xavfsizlik Kengashida G‘azo sektorida zudlik bilan, so‘zsiz va doimiy o‘t ochishni to‘xtatishni talab qiluvchi rezolyutsiyaga AQSH yana bir bor veto qo‘ydi.
Rezolyutsiyada HAMAS tomonidan garovga olingan barcha shaxslarni ozod qilish va Isroildan insonparvarlik yordamining kirishiga qo‘yilgan barcha cheklovlarni bekor qilish hamda aholiga asosiy yordamni BMT agentliklari va hamkorlari tomonidan xavfsiz tarzda yetkazilishini ta’minlash bayon qilingan.
AQSH veto huquqiga ega bo‘lgan besh doimiy Kengash a’zolaridan biri hisoblanadi. Ovoz berishdan oldin so‘zga chiqqan Qo‘shma Shtatlar vakili Morgan Ortagus Vashingtonning rezolyutsiyaga qarshi chiqishi “hech qanday yangilik emas”ligini aytdi.

Ushbu loyiha Kengashning 10 ta doimiy bo‘lmagan a’zolari Jazoir, Daniya, Gretsiya, Gayana, Pokiston, Panama, Koreya Respublikasi, Serra-Leone, Sloveniya va Somali tomonidan ilgari surilgan.
– Rezolyutsiyani BMT Xavfsizlik Kengashining 15 a’zosidan 14 nafari qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, AQSHning vetosi sabab u qabul qilinmadi, -dedi Daniyaning BMTdagi doimiy vakili Kristina Markus Lassen. – Biz zudlik bilan doimiy otashkesimga erishilishini, barcha garovga olinganlarning so‘zsiz ozod etilishini va insonparvarlik yordamiga qo‘yilgan barcha cheklovlar bekor qilinishini istaymiz.
G‘azo sog‘liqni saqlash idoralariga ko‘ra, jangovar harakatlar boshlanganidan beri hududda 65 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.
Xavfsizlik Kengashi Bosh Assambleya, Kotibiyat, Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash (ECOSOC), Vasiylik Kengashi va Xalqaro Sud (ICJ) bilan bir qatorda BMTning oltita asosiy organidan biri hisoblanadi.
Kengash xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun asosiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi va tegishli qarorlar chiqaradi. Shuningdek, tinchlikparvarlik missiyalarini o‘rnatadi va sanksiyalar ham qo‘llashi mumkin.
Besh doimiy a’zo - Xitoy, Fransiya, Rossiya, Buyuk Britaniya va Qo‘shma Shtatlar har qanday rezolyutsiyaga veto qo‘yish huquqiga ega. Kengashga 10 ta doimiy bo‘lmagan a’zolar BMTning barcha 193 a’zo davlatlarini o‘z ichiga olgan Bosh Assambleya tomonidan saylanadi va ikki yillik muddatga ishlaydi. Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning sentyabr oyida Xavfsizlik Kengashiga Janubiy Koreya raislik qiladi.
O‘tkir Alimov, O‘zA