O‘zbekiston iqtisodiy hayotida mas’uliyati cheklangan jamiyatlar (MCHJ) yetakchi tashkiliy-huquqiy shakl bo‘lib qolmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1 sentyabr holatiga respublikamizda jami 399 ming 597 ta tijorat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Shundan 310 ming 307 tasi MCHJ bo‘lib, bu umumiy korxonalar sonining 77,7 foizini tashkil etadi.
MCHJlar soni so‘nggi oylar davomida muntazam o‘sib bormoqda. 2025 yil 1 may holatida ularning soni 292 ming 885 ta, 1 avgustda esa 306 ming 227 ta bo‘lgan. Atigi to‘rt oy ichida bu ko‘rsatkich 17 mingdan ortiq korxonaga ko‘paydi. Bunday barqaror o‘sish mamlakatda tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar tobora qulaylashayotganidan dalolat beradi.
Tijorat korxonalarining tashkiliy-huquqiy shakllariga qaraganda, MCHJlar mutlaq yetakchilikni saqlab qolmoqda. Taqqoslash uchun:
Xususiy korxonalar – 48 002 ta (12,0 %)
Oilaviy korxonalar – 37 434 ta (9,4 %)
Aksiyadorlik jamiyatlari – 627 ta (0,1 %)
Boshqa shakllar – 3 227 ta (0,8 %)
Bu MCHJ shakli ko‘plab tadbirkorlar uchun eng qulay, moslashuvchan va huquqiy jihatdan maqbul yo‘l ekanini ko‘rsatadi.
Hamroz Bayanov, O‘zA