O‘zbekiston rasman Yevroosiyo taraqqiyot bankiga (OITB) a’zo bo‘ldi. Bu borada joriy yilning 16 sentyabrda davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lish chora-tadbirlari to‘g‘risi”dagi tegishli qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjat 2006 yil 12 yanvarda Ostona shahrida imzolangan YeOTBni tashkil etish to‘g‘risidagi bitimga qo‘shilish haqidagi qonunni amalga oshirish doirasida qabul qilingan.
Qarorga muvofiq, O‘zbekistonga bankning ustav kapitalidan har biri 1000 dollardan bo‘lgan 777 777 dona aksiya taqsimlandi. Ulardan 168 411 tasi (21,7 foiz) to‘langan, 609 366 tasi (78,3 foiz) esa talab qilinganda to‘lanadigan aksiyalar hisoblanadi.
To‘lanadigan aksiyalarga davlat byudjetidan 168,4 mln. dollar ajratiladi. Ushbu miqdordan 10 mln. dollar 2025 yilning o‘zida to‘lanadi. 2026 va 2027 yillarda 79 mln. 205 ming 500 dollardan to‘lanadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Yevroosiyo taraqqiyot banki 2006 yilda Rossiya va Qozog‘iston tomonidan tashkil etilgan xalqaro moliya tashkilotidir. 2009 yilda Armaniston va Tojikiston, 2010 yilda Belarus, 2011 yilda esa Qirg‘iziston unga qo‘shilgan. Bank ustav kapitali 7 mlrd. dollarni tashkil etadi.
YeTBning bosh ofisi Olmaota shahrida (Qozog‘iston) joylashgan. Bankning Sankt-Peterburgda filiali va Ostona, Bishkek, Dushanbe, Yerevan, Minsk va Moskvada vakolatxonalari mavjud.
Aksiyalarni sotib olish bo‘yicha to‘lov jadvali tasdiqlangan. 2025 yilda zarur mablag‘lar Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan davlat byudjeti hisobidan ajratiladi. 2026 yildan boshlab esa bu xarajatlar davlat byudjeti parametrlariga doimiy ravishda kiritiladi.
Qaror Milliy qonunchilik ma’lumotlari bazasida e’lon qilingan va 2025 yil 16 sentyabrdan kuchga kirgan.
Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasida Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qarashli milliy valyutadagi pul mablag‘lari va boshqa aktivlarning depozitariysi hisoblanadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA