Xalqaro olimlar guruhi Jeyms Uebb teleskopi ilk bor qayd etgan sirli “kichik qizil nuqtalar” aslida osmon jismlarining yangi turi — yulduz-qora tuynuklar bo‘lishi mumkinligini aniqladi. Tadqiqot natijalari Astronomy and Astrophysics jurnalida chop etildi.
Galaktika deb o‘ylangan ob’ektlar
Avvaliga bu ob’ektlar “koinot buzg‘unchilari” deb atalgan qadimiy galaktikalar, ya’ni Katta portlashdan keyin 500–700 million yil o‘tib shakllangan tuzilmalar sifatida talqin qilingan edi. Biroq ularning g‘ayritabiiy yorqinligi va massasi mavjud evolyutsiya modellari bilan izohlab bo‘lmasdi.
Qora tuynuklar va gaz sharlari
Yangi tadqiqotga ko‘ra, bu ob’ektlar galaktikalar emas, balki markazida o‘ta massiv qora tuynuk joylashgan ulkan gaz sharlaridir. Qora tuynuk moddani shunchalik tez yutadiki, natijada atrofida zich vodorod qobig‘i hosil bo‘ladi va u sovuq yulduzlar kabi yorug‘lik tarqatadi.
“Biz ko‘plab yulduzlarga to‘la mitti galaktikani ko‘ryapmiz deb o‘ylagandik, ammo aslida bu odatiy modellar bilan tushuntirib bo‘lmaydigan atmosferaga ega yagona ulkan ob’ekt ekanligi aniqlandi”, — deya ta’kidladi Pensilvaniya shtati universiteti astrofizigi, tadqiqot hammuallifi Joel Leja.
Eng mashhur ob’ektlardan biri — The Cliff laqabli “qizil nuqta”. Uning nuri Yergacha 11,9 milliard yorug‘lik yili masofani bosib o‘tgan. Spektral tahlil natijalari bu ob’ekt yonayotgan gaz qobig‘i bilan o‘ralgan o‘ta massiv qora tuynuk ekanini ko‘rsatdi.
Mutaxassislarning fikricha, bunday ob’ektlar hozirgi galaktikalar markazida joylashgan ulkan qora tuynuklarning “ilk bosqichi” bo‘lishi mumkin. Bu kashfiyot koinot tarixida juda erta paydo bo‘lgan qora tuynuklarni tushuntirishga yordam beradi.
“Bu deyarli barcha ma’lumotlarga mos keladigan birinchi model. Koinot biz tasavvur qilganimizdan ancha g‘alatiroq va unda hali ko‘plab kutilmagan hodisalar mavjud”, — deya qo‘shimcha qildi Leja.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/XQgtHnRMZHA?si=yD6FgpvFOYuS1wHa" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA