Korrupsiya holatlari yer bilan bog‘liq munosabatlarda ko‘proq kuzatilishi sir emas. Masalan, noqonuniy yer sotish, ayniqsa, sug‘oriladigan yer maydonlarini o‘zlashtirish holatlari tez-tez uchraydi.
Bu kabi holatlarga chek qo‘yish maqsadida kuni kecha davlatimiz rahbarining “Yerga oid munosabatlarda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Kadastr agentligining “Ye-yer nazorat” tizimi davlat yer nazoratini yuritishning yagona elektron platformasi hisoblanadi.
2026 yil 1 yanvardan maxsus vakolatli davlat organlarining yer qonunchiligiga rioya qilmaslik, jumladan, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, ularga tegishli choralar ko‘rishga oid vazifalari faqatgina “Ye-yer nazorat” tizimi orqali amalga oshiriladi.
Yerga oid huquqbuzarlik darajasiga ko‘ra “qizil” toifadagi hudud – yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash ehtimoli yuqori hududlar; “sariq” toifadagi hudud – yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash ehtimoli o‘rta hududlar; “yashil” toifadagi hudud – yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash ehtimoli past hududlarga bo‘linadi.
Bunda, “qizil” toifadagi hududlarda maxsus dronlardan foydalangan holda har chorakda kamida bir marotaba, “sariq” toifadagi hududlarda maxsus samolyot yordamida har 6 oyda kamida 1 marotaba monitoring kuzatuvlari olib boriladi.
N.Abduraimova,
O‘zA