Futbol bo‘yicha Yevropa chempionlar ligasi umumiy bosqichining birinchi tur uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi.
Unda “Bryugge” o‘z maydonida “Monako”ni 4:1 hisobida taslim etgan bo‘lsa, “Kopengagen” hamda “Bayer Leverkuzen” uchrashuvi 2:2 hisobida durang bilan yakunlandi.

“Etihad” stadionida o‘tkazilgan "Manchester Siti" - "Napoli" uchrashuvida 2:0 hisobi qayd etildi. O‘yinning 21-daqiqasida “Napoli” futbolchisi Jovanni Di Lorenso mezbonlar vakili Erling Holandga nisbatan qo‘pol o‘ynadi deb topildi va maydondan chetlatildi. Shu tariqa birinchi bo‘lim o‘z yakuniga yetdi. Ikkinchi bo‘limning 56-daqiqasida E.Holand hisobni ochgan bo‘lsa, Doku 65-daqiqada hisobni 2:0 ko‘rinishiga olib keldi. Darvoqe, hamyurtimiz Abduqodir Husanov "Manchester Siti" tarkibida to‘liq o‘ynadi.

Shuningdek, bugungi bahslarda “Sporting” — “Qayrat” 4:1, “Nyukasl” – “Barselona” 1:2, “Ayntraxt” — “Galatasaray” 5:1 hisoblari qayd etildi.
Futbol bo‘yicha Yevropa chempionlar ligasining umumiy bosqich ikkinchi tur uchrashuvlari 30 sentyabr kuni start oladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA