Iordaniya axborot agentligi “Petra” va “Royanews”, “Alghad” kabi mamlakatning boshqa qator yetakchi nashrlari ushbu davlat sanoat, savdo va ta’minot vaziri Yorub Qudah va mamlakatda bo‘lib turgan O‘zbekiston delegatsiyasi o‘rtasida kechgan uchrashuvni keng yoritdi.
Tomonlar iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, mavjud aloqalardan imkon darajasida foydalanish uchun maqsadli yo‘nalishlar bo‘yicha ish rejasini muhokama qilgan. Xususan, o‘zaro savdo imtiyozi to‘g‘risidagi bitimni imzolash uchun zarur tartib-qoida ishlab chiqish jarayonini tezlashtirishga kelishilgan. Shuningdek, qo‘shma qo‘mita birinchi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, keyingi sa’y-harakatlar uchun tutash nuqtalarni aniqlash zarurligi ta’kidlangan.
Qudah qayd etishicha, Iordaniya Podshohi Abdulloh II boshchiligidagi delegatsiya o‘tgan oy O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi ikki tomonlama munosabatni rivojlantirishda muhim burilish nuqtasi bo‘ldi. Endilikda har ikki tomon iqtisodiy va savdo hamkorlikni rivojlantirishga qat’iy intilmoqda. Eng muhimi, kiyim-kechak, o‘g‘it, farmatsevtika, oziq-ovqat mahsulotlari, zargarlik buyumlari kabi sohalarda hali o‘zaro foydalanilmagan salmoqli salohiyat mavjud. Bu imkoniyatlar yuzaga chiqishi uchun birgalikdagi izchil sa’y-harakat talab qilinadi.
Iordaniya va O‘zbekiston o‘rtasida savdo imtiyozi to‘g‘risidagi bitimni imzolash bo‘yicha texnik jarayonni tezlashtirish muhim. Yil oxiriga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan Qo‘shma qo‘mita birinchi sessiyasida ayni mavzudagi muzokara yakunlanadi va kelishuv imzolanadi.
Uchrashuv doirasida biznes-forum bo‘lib o‘tadi. O‘rta yer dengizi mintaqasida joylashganIordaniyaning Iroq, Suriya singari yirik bozorlarga kirish eshigi sifatidagi roli bilan bog‘liq afzalligi muhokama qilinadi. Zero, ikki va ko‘p tomonlama, jumladan AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa mintaqalar bilan imzolangan erkin savdo shartnomalari, shuningdek ko‘hna qit’a bozoriga eksport qilish tartibini soddalashtirish orqali Iordaniya mahsulotlarini bir necha bozorga eksport qilish imkoniyati mavjud. Bunday kelishuvlar O‘zbekiston kompaniyalari tomonidan sarmoya kiritilishini rag‘batlantiradi.
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shohruh G‘ulomov ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari tomonidan oliy darajadagi siyosiy irodani aks ettiruvchi “Yo‘l xaritasi” tayyorlanganini ma’lum qildi. Iordaniyaga tashrif iqtisodiy va savdo aloqalarini mustahkamlashga qaratilgani, respublikamiz turli sohalarda sheriklikni rivojlantirishga jiddiy intilayotganini ta’kidladi. Tovarlarimiz mintaqaviy bozorlarga chiqish maqsadida Iordaniyada o‘zbek mahsulotlari saqlanadigan omborlar tashkil etish orqali noan’anaviy logistika tizimini yaratish uchun davlat ko‘magi zarurligini bildirdi.
Shuningdek, mintaqa bilan savdo ayirboshlashni osonlashtirish uchun asosiy markaz sifatida Aqaba porti bilan hamkorlik qilish yo‘llari muhokama qilindi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA