Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” ijrosi ishchi guruh rahbarlari – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov va Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev ishtirokida muhokama qilindi.
Yig‘ilishda kadastr, sog‘liqni saqlash, bandlik, savdo kabi muhim sohalarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan omillarni aniqlash va bartaraf etishga oid topshiriqlar ijrosi yuzasidan o‘rganishlar yakuniga e’tibor qaratildi.

O‘rganishlarga ko‘ra, poytaxtda yer maydonlaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish holatlari yetarlicha nazoratga olinmagani, bozor va savdo komplekslarida raqamlashtirish ishlari hamda davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish chora-tadbirlari lozim darajada olib borilmayotgani tanqid qilindi.
Mas’ullarga bu kabi salbiy holatlarni tezkor bartaraf etish, shuningdek, korrupsiyaviy omillarga chek qo‘yishning yangi mexanizmlarini joriy qilish, mas’uliyat va tashabbuskorlikni oshirish lozimligi yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA