Xabar berganimizdek, Toshkent shahridagi Islom moliyasi bo‘yicha 20-Xalqaro islomiy moliya olimlari forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Shu vaqtga qadar mazkur forum Malayziya davlatida tashkil etilgan. Ushbu forumning 20 yillik yubileyiga Toshkent shahri mezbonlik qilmoqda.
Forumning asosiy mavzusi islomiy moliyani rivojlantirish, ilg‘or amaliyotlarni moliya tizimiga joriy etish, olimlar, regulyatorlar, standartlarni belgilovchi tashkilotlar va soha mutaxassislari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash hamda islomiy huquqqa oid masalalar yuzasidan fikr almashish maydonini yaratishga qaratildi.
Forumda dunyo miqyosidagi yetakchi olimlar, mutaxassislar va regulyatorlar ishtirok etmoqda. Tadbir doirasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri Musulmon ulamolari ittifoqi prezidenti Shayx Ali Muhyiddin Qoradog‘iyga savollar bilan murojaat qildi.
– Bugungi kunda islom moliyasining aktivlari 5,4 trillion dollarni tashkil qilmoqda. Ammo ko‘pchilik musulmonlar yashaydigan davlatlarda islom moliyasi rivojlanmagan. Islom moliyasi rivojlanishiga nima to‘siq bo‘lyapti?
– Butun dunyoda islom moliyasiga bo‘lgan ehtiyoj ortib boryapti. Xususan, ayni paytda jahonda islom moliyasining jami aktivlari qariyb 5,4 trillion dollarni tashkil etadi.
Islom banki 1975 yilda Dubayda birinchi bo‘lib tashkil etilgan. Shu vaqtlarda bu bankning 100 million dollarlik fondi bo‘lgan. Hozirgi kunda Islom banki juda rivojlanib bormoqda. Dunyoning barcha islom mamlakatlari hatto Amerika, G‘arb davlatlarida ham islom moliya banklari faoliyat olib bormoqda.
Shu sababli, O‘zbekistonda ham islom moliyasini rivojlantirish juda ijobiy natijalarga olib keladi. Lekin bu bankning oldida turli xil chaqiruvlar bor. Ulardan biri O‘zbekistonda shu soha bo‘yicha muayyan bir qonun yo‘qligi. Bugungi forumda eshitdim, O‘zbekistonda Islom bankini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu juda quvonarli. O‘ylaymanki, bu kabi qonunlar O‘zbekistonda islom moliyasi rivojlanishida muhim ahamyatga ega.
Mamlakatingizda nafaqat islom davlatlari, balki boshqa Yevropa, Amerikadagi islom moliyasi asosida faoliyat olib boruvchi banklarning tajribasini o‘rganib, O‘zbekistonda tatbiq qilishga barcha imkoniyat yetarli.
Aytmoqchimanki, bugungi kunda butun dunyo miqyosida islom moliyasi yaxshi rivojlanmoqda.
–O‘zbekiston islomiy moliya potensialidan foydalanishda imkoniyati qanday? O‘zbekistonda Islom bankini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinishi va bu forumning ilk bor O‘zbekistonda o‘tkazilishining o‘zaro bog‘liqligi bormi?
– Men O‘zbekistonda islom moliyasi borasida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholayman. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yilda bu borada qabul qilgan hujjatlari juda yuqori tahsinga ega. Islom moliyasini O‘zbekistonga tatbiq qilishning ayni vaqti. Bu kabi forumlar orqali islom moliyasida faoliyat olib boruvchi xalqaro mutaxassislar taklif va fikrlarini o‘rganish muhim. Chunki, islom moliyasini rivojlantirish har qanday yurt rivoji uchun juda katta iqtisodiy hissa qo‘shadi.
Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ham islomiy moliyaga bo‘lgan talab yuqori. O‘zbekistonda islomiy moliyalashtirishning katta istiqboli bor, chunki aholining 90 foizi Islom diniga e’tiqod qiladi. Mamlakatingizdagi ko‘pchilik musulmon aholi banklarda islom moliyasi yo‘qligi uchun an’anaviy banklarda moliyalashtirish, investitsiya qilish bo‘yicha muammolarga duch kelishmoqda. Islomiy moliyaning jozibador jihatlari bu – tizimning shaffofligi va etikasi, kreditlash jarayonlarini taqiqlash hamda xatar va foydaning adolatli taqsimlanishi hisoblanadi.
Islom moliyasi tizimida kredit foizsiz bo‘lishi, moliyaviy risklar adolatli taqsimlanishi kerak. Bunday yondashuv har qanday dunyoviy mamlakatga moliyaviy inklyuzivlik beradi. Aynan moliyaviy inklyuzivlik bag‘ishlagani uchun ham islom moliyasi butun dunyoda rivojlanib bormoqda.
Agarda yurtingizda islom moliyasi joriy etilsa, milliardlab pullar sarmoya qilinib, ular infrastruktura, sanoat va boshqa tarmoqlarga sarmoya qilinadi.
Shuningdek, islom moliyasini tatbiq etish oddiy xalq manfaatiga xizmat qiladi. O‘ylaymanki, islom moliyasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha zarur qonunlar qabul qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan fuqarolarni Islom banki bilan tanishtirish uchun zarur choralar ko‘riladi. Fuqarolar islom moliyasi nima ekani borasida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.
O‘zbekistonda islomiy moliya potensialidan foydalanish imkoniyati yetarli. O‘zbekistonda islomiy moliya yo‘lga qo‘yilsa, katta natijalarga erishish mumkin. O‘zbekiston bu tizimni joriy etsa, mintaqada islomiy kapital bozori uchun regional markazga aylanish ehtimoli katta. Chunki aholining katta qismi musulmonlar. Bu sohani rivojlantirish kerak.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wh2LKfdAkFw" title="Shayx Ali Muhyiddin Qoradog‘iy: O‘zbekistonda islomiy moliya yo‘lga qo‘yilsa, katta natijalarga..." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, Abror Sodiqov (video), O‘zA