"Euronews" nashri Markaziy Osiyoning eng istiqbolli loyihalaridan biri sifatida Samarqand shahridagi "Silk Road Samarkand" sayyohlik majmuasi haqida maqola chop etdi. Unda “shahar ichida shahar” konsepsiyasi yoritilib, mehmonlarga madaniy merosni yaqindan his etish, sog‘lomlashtirish va xalqaro miqyosdagi tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatlari qayd etildi.
Materialda ayni majmuada yaratilgan “Boqiy shahar” etno-bog‘iga alohida e’tibor qaratilgan. Bu yerda qadimiy Buyuk Ipak yo‘li shaharlarining muhiti, hunarmandchilik ustaxonalari, an’anaviy taomlari va qayta tiklangan afsonalari mehmonlar uchun namoyon bo‘ladi.
Shuningdek, "Euronews" maqolasida "Silk Road Samarkand"ning yirik ishbilarmonlik markazi sifatidagi ahamiyati ta’kidlandi. U yerda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki yig‘ilishi hamda BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh assambleyasi kabi nufuzli xalqaro anjumanlar o‘tkazilgani qayd etildi.
"Silk Road Samarkand" sayyohlik markazi bosh direktori Zafar Bo‘tayevning fikriga ko‘ra, mahalliy va xorijiy ekspertlar majmuaning O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning sayyohlik salohiyatini kuchaytirishdagi ahamiyatini bir necha bor qayd etgan.
– Prezident tashabbusi bilan barpo etilgan bu majmua orqali biz xorijiy mehmonlar va mamlakatimiz fuqarolari uchun maksimal darajada ochiqlik va jozibadorlikka erishishga intilmoqdamiz, – deya ta’kidladi u.
Nashr xulosasiga ko‘ra, mazkur majmua O‘zbekistonni xalqaro maydonda eng istiqbolli turizm yo‘nalishlaridan biri sifatida namoyon etmoqda. "Silk Road Samarkand" kengayishda davom etib, qadimiy Samarqandning boy tarixida yangi sahifa ochmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA