O‘zbekistondagi islohotlar nafaqat iqtisodiy yuksalish, balki ma’naviy – ma’rifiy sohada ham xalqaro e’tirofga olib keldi. Prezident tashabbusi bilan 2019 yilda Qo‘qonda I xalqaro hunarmandchilik festivali tashkil etilgan edi. Shundan buyon mamlakatimizda hunarmandchilikning barcha sohalari rivoj topdi, usta-shogird an’anasi qo‘llanib, o‘n minglab yoshlar avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan bebaho hunar sirlarini o‘zlashtirdilar.
Shu yil 19-21 sentyabr kunlari Qo‘qon dunyo hunarmandlari poytaxtiga aylanadi. Shaxar markazi – O‘rda maydonida bosh sahna qurildi va hozir bu yerda bo‘lib o‘tadigan tantanalarga hozirlik ko‘rilyapti. O‘rda atrofida son-sanoqsiz ko‘rgazma pavilonlari qurilyapti. Bu yerda dunyoning to‘rt qit’asidan kelgan hunarmand vakillari o‘zlarining ijod namunalarini namoyish etadilar. Festivalga hozirlik qanday borayotgani haqida Farg‘ona viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshid Ahmedov bizga so‘zlab berdi.


–Bu galgi xalqaro hunarmandchilik festivalida 71 ta mamlakatning uch yuzdan ziyod tajribali hamda nomdor hunarmandlari ishtirok etadi. Agar avvalgi festivallarda turli davlatlardagi hunarmandlarga taklifnoma jo‘natilgan bo‘lsa, bu gal berilgan e’lon asosida ular onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tdilar hamda qatnashishlarini tasdiqladilar. Bundan tashqari, mamlakatimiz viloyatlaridan kelib qatnashadigan hunarmandlar uchun ham maxsus pavilonlar tashkil etdik. Ular ham o‘z mahsulotlarini namoyish etish imkoniyatiga egalar.
Qo‘qonda misgar, kandakor, yog‘och o‘ymakori, ipakdo‘z, chilangir, kashtachi... boringki, inson iste’dodi kashf etgan hunarmandchilik mahsulotlarini uchratish mumkin. Kulolchilikka esa alohida e’tibor qaratilgan.


Qo‘qon festivali doirasida Rishtonda kulollar forumi ham tashkil etiladi. Shuningdek, bundan ikki yil avval bo‘lib o‘tgan festivaldagi tajribalar, erishilgan yutuqlar, taklif va mulohazalarni jamlagan va maxsus nashr etilgan “O‘zbekiston hunarmandchiligi” kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tadi. Kitobda O‘zbekiston hunarmandchiligiga bo‘lgan xorijdagi juda katta qiziqish e’tiborga olingan. Mazkur kitobning yana bir ahamiyati shundaki, u yurtimizdagi yosh hunarmandlarga muhim qo‘llanma bo‘ladi.
Festival chog‘ida yana bir yangilik ro‘y berdi. Qo‘qonda doimiy faoliyat yurituvchi hunarmandchilik muzeyi ochiladi.


–Xalqaro hunarmandlar assosiatsiyasi tashabbusi hamda respublika hunarmandlar uyushmasi, viloyat hokimligi hamkorligida Qo‘qonda hunarmandlik mahsulotlari muzeyi ochiladi. Bu muzeyga festival ishtirokchilarining roziligi bilan ularning olti yuzdan ziyod mahsulotlari qo‘yiladi. Muzey yil davomida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi sanat maskani maqomiga ega bo‘ladi.
Biz suhbatdoshimizdan festival kunlari uning ishtirokchilari uchun qanday sayyohlik imkoniyatlari yaratilganini so‘radik.


–Festival ishtirokchilari uchun Farg‘ona viloyatining barcha shahar va tumanlaridagi hunarmandlik ustaxonalari, muzeylar, tarixiy obidalar, ziyoratgohlar hamda dam olish maskanlarining manzili va joylashuv xaritasi tayyorlab qo‘yildi. Toki ular istalgan paytda mana shu maskanlarga borishlari mumkin bo‘ladi. Bunda ularga transport vositasi, kuzatib boruvchi va tarjimonlar biriktiriladi.
–Ma’lumki, festival pavilonlari bilan tanishgani boshqa viloyatlar, qo‘shni davlatlardan ham sayyohlar keladi. Ularni Qo‘qon va Rishtonda yana nimalar kutadi?


–Qo‘qon shahridagi O‘rdaga tutash ikkita ko‘chada sayilgoh tashkil etildi. Unda yuzga yaqin pavilonlar bo‘ladi. Festival ishtirokchilari hamda yurtimizning turli viloyatlaridan kelgan mehmonlar bu ko‘chada erkin sayr qiladilar, hunarmandlar mahsulotlari bilan tanishadilar va sotib olishlari mumkin. Avvalgi festivallardan farqli ravishda bu gal gastronomik ko‘cha ham faoliyat yuritadi. Qo‘qonga kelgan mehmonlar unda milliy taomlarimizni tanovul qilishlari mumkin. Bundan tashqari, biz etnoturizmga ham e’tibor qaratdik. Festival kunlari sportning kamondan otish, milliy kurash turlari tashkil etiladi, sirk va qo‘g‘irchoq teatrlari uzluksiz tomoshalar ko‘rsatadi. Bir so‘z bilan aytganda, Qo‘qon xalqaro hunarmandlar festivali umumxalq bayramiga aylanadi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Xb8mJrYjb-M" title="Qo`qon lll xalqaro hunarmandchilik festivali arafasida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA muxbirlari