Kuz-qish mavsumida o‘tkir respirator infeksiyalar (O‘RI)ning dunyo bo‘ylab ko‘payishi kuzatiladi. Ayniqsa, mehnat migratsiyasi va xalqaro qatnovlar orqali viruslarning tez tarqalishi infeksiya xavfini oshiradi. Hozirda Rossiya va qo‘shni davlatlarda gripp va O‘RI holatlari keskin ortib borayotgani O‘zbekiston uchun ham xavfli omillardan biri hisoblanadi. Tegishli tashkilotlar tomonidan epidemiologik nazorat kuchaytirilgan bo‘lsa-da, aholidan ham hushyorlik talab qilinadi.
O‘RI va gripp holatlari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan doimiy monitoring qilib borilmoqda. Qo‘mita matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarda hozirda kasallanish darajasi ko‘p yillik epidemik ko‘rsatkichlardan 36,5 foiz past ekanligi qayd etilgan. Bu epidemiya xavfi hozircha yo‘qligini anglatadi.
Shu bilan birga, mamlakat bo‘ylab 15 ta virusologiya laboratoriyasida tadqiqotlar olib borilmoqda. Sanepidqo‘mita gripp va grippga o‘xshash kasalliklarni aniqlash, ularning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni faol amalga oshirmoqda.
Yil boshidan beri kuzatilayotgan ko‘rsatkichlarga ko‘ra, O‘RI eng ko‘p 0-1 yoshdagi bolalar orasida qayd etilmoqda. Bunga ularning hali shakllanmagan immuniteti va tashqi muhitga nisbatan ta’sirchanligi sababdir. Bu holat ota-onalarni bolalar salomatligiga jiddiy e’tibor qaratishga undaydi.
O‘tkir respirator infeksiyalar gripp, paragripp, adenovirus, koronavirus va boshqa nafas yo‘llari orqali yuquvchi virusli infeksiyalar guruhi bo‘lib, ular tez yuqadi va har xil yoshdagi insonlarda turlicha kechadi. Burun oqishi, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i, isitma, bosh og‘rig‘i, holsizlik kuzatiladi. Bolalar, keksalar va surunkali kasallikka chalinganlar uchun asoratli o‘tishi mumkin. Pnevmoniya, bronxit, otit kabi og‘ir asoratlarga olib kelishi ehtimoli bor.
Dunyoda har yili ko‘plab insonlar gripp va unga o‘xshash infeksiyalardan vafot etadi. Shuning uchun mutaxassislar qo‘llarni tez-tez sovun bilan yuvish, epidemik mavsumda jamoat joylarida niqob taqish, immunitetni mustahkamlash (to‘g‘ri ovqatlanish, sport bilan shug‘ullanish), grippga qarshi vaksina olish, bemorlar bilan yaqin aloqada bo‘lmaslik hamda alomatlar kuzatilsa, o‘zboshimchalik bilan davolanmasdan shifokorga murojaat qilishni tavsiya qiladi.
Sanepidqo‘mita yurtimizda epidemiologik vaziyat barqarorligini ma’lum qilish barobarida har bir fuqaro o‘zini va yaqinlarini himoya qilish bo‘yicha tavsiyalarga amal qilishi lozimligini ta’kidlamoqda. Negaki, Rossiya va qo‘shni mamlakatlarda yuqumli kasalliklar keskin ko‘payayotgani tufayli viruslarning yurtimizga kirib kelishi xavfi bor.
Mohigul Qosimova, O‘zA