AQSH Davlat departamenti 16 sentyabr kuni Green Card’ga ariza topshirish uchun 1 dollar to‘lov joriy etilishini ma’lum qildi.
Joriy etilayotgan to‘lov elektron shaklda, ro‘yxatdan o‘tish vaqtida undirilishi ko‘zda tutilgan. Departament hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu tashabbus orqali taxminan 25 million dollar mablag‘ foyda ko‘rilishi kutilmoqda.
Afg‘onistonning “Tolibon” harakati Mozori Sharif shahrida Wi-Fi xizmatlarini butkul uzib qo‘ydi va butun mamlakat bo‘ylab optik tolali internet tarmog‘ini to‘xtatdi. Bu haqda Afghanistan International xabar berdi. Mozori Sharif aholisining aytishicha, 15 sentyabr kuni “Tolibon” rasmiylari internet provayderlariga shaharda Wi-Fi xizmatlarini o‘chirishni buyurgan. Mahalliy telekommunikatsiya kompaniyalari esa bu qarorni tasdiqlagan.
G‘azo shahrida so‘nggi yerusti harbiy amaliyotning birinchi kuni davomida qariyb 350 ming falastinlik hududni tark etgani ma’lum qilindi. Bu haqda Isroil armiyasiga tayanib, Euronews xabar berdi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, vayronaga aylangan shahar HAMASning “asosiy tayanch nuqtasi” sifatida qaralmoqda. Falastinliklar 16 sentyabr kuni tongda G‘azo shahri bo‘ylab kuchli bombardimonlar kuzatilganini bildirgan. Shifoxonalarda kamida 69 kishining halok bo‘lgani qayd etilgan.
Kolumbiya hukumati 16 sentyabr kuni AQSHdan harbiy qurol-aslaha xarid qilishni to‘xtatishini ma’lum qildi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi. Bunga sabab — Vashington rasmiylari Janubiy Amerika davlatini kokain savdosiga qarshi kurashda muvaffaqiyatsizlikda ayblab, uni rasmiy “giyohvandlikka qarshi ittifoqchi” maqomidan mahrum qilgani bo‘lgan. Ushbu qaror AQSH prezidenti Donald Trampning keskin bayonotidan so‘ng e’lon qilinmoqda. U Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro kokain ishlab chiqarishni to‘xtatmagani, balki uni tarixiy rekord darajagacha oshirib yuborganini ta’kidlagandi. Shuningdek, Kolumbiya giyohvandlikka qarshi majburiyatlarini aniq bajarmagan davlat sifatida qayta tasniflangan.
Yevrokomissiya G‘azodagi urushga javoban Isroilga savdo bosimi o‘tkazishni taklif etmoqda. Bu haqda Yevroittifoq tashqi ishlar rahbari Kaya Kallas ma’lum qildi. Ma’lum qilinishicha, Yevropa Ittifoqiga import qilinadigan Isroil mahsulotlari uchun imtiyozli rejim bekor qilinishi mumkin. Kallas bunday chora Isroil uchun qimmatga tushishini aytdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/A0nKOvYduTM" title="Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA