Ma’lumki, joriy yilning 30 avgust — 3 sentyabr kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Xitoyda bo‘lib qaytdi. U yerda davlatimiz rahbari Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etdi.
Xitoyda bo‘lib o‘tgan uchrashuv va muloqotlar, ularda erishilgan kelishuvlar xususida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Sa’dullayev o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
–Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga rasmiy tashrifi mamlakatimiz tashqi siyosatida katta ahamiyat kasb etadi. Pekinda o‘tkazilgan uchrashuvlar, Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidagi va bir qator davlat rahbarlari bilan muloqotlar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini yanada mustahkamladi. Muzokaralarda iqtisodiy loyihalar, energetika, texnologiyalar, ta’lim va madaniy almashinuv masalalarida yangi imkoniyatlarni ishga solish, hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Tashrif natijalari yoshlar hayotiga bevosita ta’sir qiladigan qator muvaffaqiyatli kelishuvlarga boy bo‘ldi, desam adashmayman.
Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun muhim maydondir. Davlat rahbarlari kengashi majlisida transport-logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish, energetika loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, xavfsizlik masalalarida hamkorlikni kuchaytirish kabi masalalar ko‘tarildi. Prezidentimiz bu jarayonda O‘zbekistonning asosiy tashabbuslarini ilgari surib, mintaqadagi o‘zaro bog‘liqlik va barqarorlikni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.
Sammitning yana bir e’tiborli jihati “SHHT+” formatidagi uchrashuvlar. Bu formatda tashkilotga a’zo davlatlar bilan bir qatorda kuzatuvchi va sherik mamlakatlar ham ishtirok etib, kengroq muhokamalar olib bordi. Sammit mintaqada yangi iqtisodiy va diplomatik yo‘nalishlarni belgilashga xizmat qildi. Pekinda o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ayniqsa, sanoat, energetika, infratuzilma va savdo aloqalarida yangi bosqichga qadam qo‘yilishi kutilmoqda.
Ta’lim sohasidagi hamkorlik davlat tashrifining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. Chunki inson kapitaliga kiritilgan sarmoya uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlaydi. Prezidentimiz Pekindagi muzokaralarda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish va grant imkoniyatlarini oshirish masalalariga alohida to‘xtaldi.
Bu yo‘nalishdagi tashabbuslar O‘zbekistonning keyingi yillarda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari bilan hamohangdir. Mamlakatimizda oliy ta’lim qamrovini oshirish, yoshlarga ta’lim berish tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. SHHT doirasida ilgari surilgan qo‘shma ta’lim loyihalari ham shu maqsadlar bilan uyg‘unlashadi.
Bugungi kunda hamkorlik ko‘lami yanada kengaymoqda. Faqat grantlar bilan cheklanib qolmasdan, qo‘shma universitetlar, ilmiy laboratoriyalar, startaplarni qo‘llab-quvvatlash markazlarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi. Bu jarayonning eng muhim jihati shundaki, ta’lim sohasidagi hamkorlik bevosita iqtisodiy loyihalar bilan chambarchas bog‘langan.
Ilm-fan, tibbiyot, ta’lim va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish zarurligi alohida qayd etildi. O‘zbekistonda Shimoli-g‘arbiy qishloq va o‘rmon universiteti filiali hamda Xalqaro matematika markazi ish boshladi. Sian neft universiteti filialini ochish bo‘yicha bitim imzolandi, shuningdek, Pekin texnologiya instituti filialini ochish rejalashtirilgan. Joriy yilda mamlakatimizda ikkinchi Ta’lim forumi o‘tkazilishi belgilangan. Xitoy tilini o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish, o‘zbekistonlik yoshlarga ajratiladigan kvotalarni oshirish va Konfutsiy institutlari faoliyatini rivojlantirishga ham e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, hududlarda energetika, mashinasozlik, sun’iy intellekt, tibbiyot va qishloq xo‘jaligi sohalari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan “Lu Ban ustaxonalari”ni tashkil etish rejalashtirilmoqda.
SHHT doirasida qabul qilingan qarorlarda ham fan va ta’limga alohida urg‘u berildi. Bu esa shuni anglatadiki, ta’lim masalasi endi faqat ikki tomonlama emas, balki mintaqaviy hamkorlik darajasiga ko‘tarilmoqda. Bunday yondashuv O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni mustahkamlanishiga xizmat qiladi, yoshlar esa bu jarayonning asosiy ishtirokchisiga aylanadi.
Bugungi global iqtisodiyotda raqamli transformatsiya barcha sohalarning asosiy omiliga aylanayotgani bor gap. Pekindagi uchrashuvlarda O‘zbekistonning AT infratuzilmasini rivojlantirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, sun’iy intellekt va raqamli xizmatlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xitoy bu borada dunyodagi yetakchi davlatlardan biri sifatida O‘zbekistonga katta qiziqish bildiryapti. O‘zbekiston hukumati esa oxirgi yillarda raqamli iqtisodiyotni milliy taraqqiyotning tayanch ustuniga aylantirishni maqsad qilgan. Shu nuqtai nazardan ikki davlatning manfaatlari bir nuqtada tutashmoqda. Bir tomondan Xitoy uchun yangi bozor va ishonchli hamkor kerak, ikkinchi tomondan O‘zbekiston uchun texnologiya va tajriba zarur. Bu yo‘nalishdagi hamkorlikning istiqboli shundaki, innovatsion sohalarda amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalar mintaqaviy raqobatbardoshlikni oshiradi. SHHT formatida ham raqamli xavfsizlik, kiberxavfsizlik va axborot almashinuvi masalalari kun tartibiga qo‘yildi. Bu esa faqat iqtisodiy emas, strategik ahamiyatga ega qarorlar sifatida ham ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston uchun bunday tashabbuslar ikki jihatdan muhim: birinchidan, mamlakat ichida innovatsion ekotizim shakllanishi tezlashadi; ikkinchidan, xalqaro hamkorlik orqali yangi bilim va tajribalarni o‘zlashtirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Xitoy kompaniyalari bilan kelishilgan loyihalar ishlab chiqarishdan tashqari ilmiy tadqiqot, texnologiya transferi va startaplarni moliyalashtirishni ham qamrab olishi mumkin.
Pekin safarining muhim jihatlaridan yana biri Xitoyning yetakchi korporatsiyalari bilan olib borilgan muzokaralar bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning “China National Petroleum Corporation” (CNPC) raisi Dai Houliang bilan uchrashuvida energiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yerosti gaz omborlarini qurish va zamonaviy standartlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, CNPCning O‘zbekistonga kiritgan investitsiyalari allaqachon 5 milliard dollardan oshgani qayd etildi.
Shuningdek, “China National Building Materials”, “China National Nuclear Corporation” va “Henan Investment Group” bilan muzokaralar o‘tkazilgan. Xitoy bugungi kunda O‘zbekistonning asosiy texnologiya ta’minotchisiga aylangan. Kelgusida Toshkent viloyatida suv-samarali energiya ombori, yangi uzatish tarmoqlari va mobil transformator stansiyalarini qurish, qayta tiklanuvchi energiya sohasida kadrlar tayyorlash masalalari rejalashtirilgan.
Bu kelishuvlar faqat iqtisodiy manfaat emas, balki samarali kutilmalar bilan ham bog‘liq. Yangi loyihalar yuzlab ish o‘rinlarini yaratadi, muhandislik va texnik sohalarda malakali mutaxassislarga talabni keskin oshiradi. Ayniqsa, energetika va sanoatning yuqori texnologiyali tarmoqlariga kirib borish O‘zbekistonda ilmiy-texnik salohiyatni kuchaytiradi. Xitoy bilan hamkorlik ekologik toza va energiya tejovchi texnologiyalarni olib kirishga ham xizmat qiladi. Bu esa “yashil” iqtisodiyotning rivojlanishini ta’minlaydi.
Prezident tashrifida siyosiy va iqtisodiy muloqot bilan bir qatorda, madaniy hamkorlik ham muhim yo‘nalish sifatida ko‘tarildi. Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida yoshlar almashinuvi, madaniyat va sport dasturlarini kengaytirish masalalari alohida muhokama qilindi. Bu tashabbuslar davlatlararo diplomatik munosabatlarni mustahkamlab, jamiyatlar o‘rtasidagi ishonch va hamjihatlikni kuchaytiradi.
Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida san’at, ta’lim va sport orqali xalqlarni yaqinlashtirish borasida hamkorlik allaqachon boshlangan. O‘zbekistonlik ijodkorlarning Xitoyda o‘tkazilayotgan ko‘rgazma va konsertlarda qatnashishi, xitoylik san’atkorlarning esa mamlakatimiz sahnalarida chiqish qilishi ikki xalq madaniyatini o‘zaro tanitadi. Bu tajriba yosh avlodning milliy qadriyatlarni chuqurroq anglashi va yangi madaniy ufqlar ochilishiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, SHHT davlatlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan madaniyat kunlari va ijodiy tanlovlar yoshlar o‘rtasida hamkorlik ruhini mustahkamlamoqda. Turli sport musobaqalari va festival dasturlarida ishtirok etish esa xalqaro maydonga chiqish imkonini beradi hamda mintaqa yoshlari orasida o‘zaro do‘stlik va sog‘lom raqobat muhitini ham yaratadi. Bu boradagi tashabbuslar siyosiy kelishuvlarning ijtimoiy poydevorini ta’minlaydi. Xalqaro miqyosdagi madaniy almashinuv O‘zbekistonni global maydonda yanada faol ishtirokchi sifatida ko‘rsatadi.
Prezidentimizning Pekin safari doirasida erishilgan kelishuvlar O‘zbekistonning iqtisodiy, madaniy va ilmiy rivojlanishiga yangi imkoniyatlar ochadi. Energetika va sanoat sohasidagi hamkorlik loyihalari zamonaviy texnologiyalarni jalb etish bilan birga, malakali kadrlar tayyorlashni rag‘batlantiradi. Ta’lim va ilmiy hamkorlik doirasidagi grantlar va qo‘shma dasturlar esa yoshlarga xalqaro tajriba orttirish, mutaxassis sifatida o‘sish imkonini beradi.
SHHT davlatlari bilan madaniy va ijtimoiy almashinuv dasturlari yoshlar orasida do‘stlik va hamjihatlikni kuchaytiradi, xalqlarni bir-birining qadriyatlari bilan tanishtiradi. Shu tarzda erishilgan kelishuvlar iqtisodiy o‘sish, jamiyatda yangi imkoniyatlar yaratish, yoshlarni zamonaviy dunyo bilan integratsiyalashga xizmat qiladi.
Ishonamizki, bu tashrif va muzokaralar O‘zbekiston yoshlari uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi, mamlakatni innovatsion va barqaror rivojlanishga yo‘naltiradi hamda xalqaro maydonda ishonchli hamkor sifatida tanitadi.
O‘zA muxbiri
Gulnoza Boboyeva yozib oldi.