Estoniya mudofaa zaxirasi departamenti o‘rta maktab o‘quvchilari bilan dronni boshqarish bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkaza boshladi, deb xabar tarqatdi ERR teleradiokompaniyasi tuzilma rahbari Anu Rannaveskiga tayanib.
Qayd etilishicha, trening ixtiyoriy. Aviatsiya akademiyasi bilan hamkorlikda uyushtirilgan birinchi dars Payde gimnaziyasida tashkil etildi. Mashq uchun zarur texnik jihozlar va mablag‘ respublika Mudofaa vazirligi tomonidan ta’minlanmoqda.
- Hozircha 10 ga yaqin maktab qamrab olingan, - deydi mulozim. - Ko‘proq qiziqish bildirilsa, shunday kurs har bir maktabda ochilishini istardik.
Mamlakat Mudofaa vazirligi uchuvchisiz boshqariladigan uchoqlardan foydalanish bo‘yicha o‘qitish byudjetini yanada oshirishga qaror qilgan. Umumiy davomiyligi 35 soatga teng darsning 10 soati amaliyotga ajratiladi. Nazariy mashg‘ulot ikkinchi chorakdan boshlanadi, amaliyot esa bahorga mo‘ljallangan.
S.Rahimov, O‘zA